Butun dunyo qidirayotgan Dodik Moskvaga yetib keldi.
Bosniya va Gersegovinaning Serb Respublikasi prezidenti Milorad Dodik, Sarayevodagi Interpol idorasi unga qarshi xalqaro qidiruv e’lon qilganiga qaramay, Moskvaga yetib keldi. Bosniyalik serblar yetakchisi Kreml devorlari yonida video suratga olib, uni ijtimoiy tarmoqda joyladi.
"Moskvaga keldim. Bu yerdagi har bir tashrifim Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan 28 million rus xalqi xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun Noma’lum askar haykali ziyorati bilan boshlanadi.
9 may kuni Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putinning taklifiga ko‘ra fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 80 yilligini nishonlash marosimida yana shu yerda bo‘laman," - dedi Dodik.
Bosniya va Gersegovina sudi 26 fevral kuni Dodikni mamlakatdagi xalqaro hamjamiyatning oliy vakili Kristian Shmidt qarorlarini mensimagani uchun bir yillik qamoq va olti yil siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash jazosiga hukm qildi. Bu birinchi instansiya sudining qarori bo‘lib, unga shikoyat qilish mumkin.
12 mart kuni Bosniya va Gertsegovina prokuraturasi Serb Respublikasi rahbari Dodik, bosh vazir Radovan Vishkovich va entitet parlamenti raisi Nenad Stevandichni hibsga olishda xavfsizlik organlaridan yordam so‘radi. Serb Respublikasi Ichki ishlar vaziri Sinisha Karan ularni hibsga olish imkoniyatini inkor etdi. Interpolning Sarayevodagi idorasi 27 mart kuni Dodik va Stevandichni xalqaro qidiruvga e’lon qilish tashabbusini ilgari surdi.