Putin 160 ming kishini harbiy xizmatga chaqirdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2025 yilda bahorgi harbiy xizmatga chaqiruvni o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Farmonga ko‘ra, chaqiruv kampaniyasi 2025 yil 1 apreldan 15 iyulgacha o‘tkaziladi. Shu davr mobaynida Rossiya Federasiyasining 160 ming fuqarosini harbiy xizmatga chaqirish rejalashtirilmoqda.
Harbiy xizmatga 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, zaxirada bo‘lmagan va "Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi qonun talablariga javob beradigan rossiyaliklar chaqiriladi. Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 yanvardan boshlab chaqiruv yoshining yuqori chegarasi 30 yoshgacha oshirilgan edi.
Ushbu farmon bilan prezident chaqiruv bo‘yicha xizmat muddati tugagan askarlar, matroslar, serjantlar va starshinalarni harbiy xizmatdan bo‘shatishni ham topshirdi.
Bu yilgi bahorgi chaqiruv oldingi kampaniyalarga nisbatan ko‘proq: 2024 yil kuzida 133 ming kishi, 2024 yil bahorida esa 150 ming kishi chaqirilgan edi.