Mintaqadagi harbiy harakatlar sababli Qatarda barcha futbol musobaqalari to‘xtatildi. Shu munosabat bilan Argentina va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi Finalissima bahsi boshqa muddatga ko‘chirilishi mumkinligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Taniqli jurnalist Gaston Edulning xabar berishicha, hozirda UYEFA, KONMEBOL va FIFA vaziyatni kuzatib, kutish pozisiyasida turishibdi. Bir necha kundan keyin ular Qatar hukumati bilan birgalikda Finalissima bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilishadi.
Argentina va Ispaniya terma jamoalari ushbu sovrinni 27 mart, juma kuni o‘zaro o‘ynashlari kerak edi. Finalissimani Qatarda o‘tkazish rejalashtirilgan.
2022 yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan avvalgi Finalissimada Argentina terma jamoasi Italiyani 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi.