Germaniyaning Mercedes-Benz avtomobil konserni mamlakat hududidagi ishlab chiqarishga kelgusidagi barcha investisiyalarni muzlatishga qaror qildi. Kompaniya xodimlar xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha muhokamalar fonida Germaniyadagi zavodlarini yopish ehtimolini ham istisno etmayapti.
Bu haqda DPA agentligi ma’lum qilgan.
Konsernning ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha boshqaruv a’zosi Mixael Shibening aytishicha, kapital qo‘yilmalarni to‘xtatish haqidagi qaror rahbariyat tomonidan birgalikda qabul qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish kengashi va IG Metall kasaba uyushmasi bilan ko‘plab jadal muzokaralar o‘tkazilganiga qaramay, tomonlar maqbul murosaga erisha olmayapti. Amaldagi xarajatlar tarkibi sharoitida Germaniyaga investisiya kiritishni davom ettirish imkonsiz.
Top-menejer tushuntirishicha, Germaniyada ishlab chiqarishdagi bir soatlik mehnat xarajati ayrim hollarda konsernning Sharqiy Yevropadagi zavodlariga nisbatan besh baravar yuqori. Ma’muriy sohada ham shunga o‘xshash tafovut kuzatilmoqda.
Avvalroq Shibe xarajatlarni qisqartirishda siljish bo‘lmasa, Germaniyadagi ikkita korxona — bitta avtomobil yig‘ish zavodi va kuch agregatlari ishlab chiqarish maydonchasi yopilish xavfi ostida qolishini ogohlantirgan edi.
Germaniya avtomobil sanoati so‘nggi yillarda inqirozni boshdan kechirmoqda. Dastlab COVID-19 pandemiyasi sabab yuzaga kelgan bu inqiroz 2022 yildan boshlab energiya resurslari narxining keskin oshishi, shuningdek, Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari raqobatining kuchayishi tufayli yanada chuqurlashdi. AQSh bojlari va Yaqin Sharqdagi inqiroz oqibatlari ham qo‘shimcha salbiy omil bo‘ldi.