Krishtianu Ronalduning Portugaliya terma jamoasidagi kelajagi noaniqligicha qolmoqda. 41 yoshli hujumchi milliy jamoa rahbariyati bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklar sabab navbatdagi yig‘inda ishtirok etishni istamayapti.
CNN Portugal jurnalisti Ruy Santushning ma’lum qilishicha, futbolchi o‘zini nohaq munosabat qurboni deb hisoblamoqda. Ronalduning fikricha, unga nisbatan adolatsizlik qilingan va voqeaning asl tafsilotlari jamoatchilikka to‘liq yetkazilmagan.
Mojaro UYEFA Millatlar ligasining Norvegiyaga qarshi uchrashuvidan keyin boshlangan. Portugaliya 2:1 hisobida g‘alaba qozongan bahsda Jorje Jezush Ronalduni maydonga tushirmagan. Bundan norozi bo‘lgan hujumchi terma jamoa qarorgohini ruxsatsiz tark etgan.
Portugaliya futbol federasiyasi ushbu harakati uchun «An-Nasr» futbolchisini 30 kunga chetlatib, 255 yevro jarimaga tortgan. Diskvalifikasiya qoidabuzarlik sanasidan hisoblangani bois u rasmiy o‘yinlarni o‘tkazib yubormaydi.
Biroq Santushning ta’kidlashicha, muammo faqat intizomiy jazoda emas. Ronaldu federasiyaga bo‘lgan ishonchini yo‘qotgan va hozircha milliy jamoaga qaytmaslikka qaror qilgan.
FPF prezidenti Pedru Proensa hujumchi bilan munosabatlarni tiklash maqsadida har kuni aloqa o‘rnatishga harakat qilmoqda. Shunga qaramay, tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchilik hali bartaraf etilmagan.