Italiya hukumati xalqaro huquqqa zid harakatlar qilgan Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirga nisbatan sanksiya joriy etish borasida Yevropa Ittifoqiga so‘rov yubordi.
"Italiya hukumati nomidan men YEIning oliy vakili Kaya Kallasdan YEI tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi muhokamasiga Isroil milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvirga qarshi sanksiya joriy etish masalasini kiritishni rasman so‘radim. Bunga uning Global Sumud flotiliyasiga qarshi nomaqbul harakatlari – xalqaro suvlar hududida faollarni qo‘lga olgani hamda ularni ta’qib va kamsitishlarga duchor qilgani sabab bo‘ldi. Bu asosiy inson huquqlarining buzilishidir", – deb bayonot berdi Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani.
Kanada, Turkiya, Qatar, Polsha, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Ispaniya, Fransiya kabi davlatlar ham Isroil vazirining xatti-harakati yuzasidan norozilik bildirgan.
Politico nashri yozishicha, YEIning yana bir qator davlatlari Isroil vaziriga jazo qo‘llash tarafdori. Ammo Chexiya hukumati Isroil vazirlariga qarshi sanksiyalarni bloklashga va’da bergan.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning o‘zi tomonidan e’lon qilingan videolavhada gumanitar halokat yoqasidagi G‘azo sektoriga ko‘mak maqsadida yo‘l olgan Global Sumud flotiliyasi faollari tiz cho‘ktirilgan holda tahqirlangani aks etgan. Videoda Ben-Gvir ayol kishiga kuch ishlatgani ham tasvirlangan.