Savdo-sanoat palatasiga mavsumiy kafe va ovqatlanish joylarini tashkil etishga oid tartib-qoidalar mahalliy hokimiyat organlari tomonidan turlicha talqin qilish holatlari uchrayotgani haqida tadbirkorlar murojaatlari kelib tushmoqda.
Tadbirkorlar murojaatlariga ko‘ra, mavsumiy kafe va ovqatlanish joylarini tashkil etish bilan bog‘liq tartib-qoidalar ayrim hududlarda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan noto‘g‘ri qo‘llanilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi ochiq muloqotida umumiy ovqatlanish korxonalariga o‘z hududiga tutash bo‘sh yer uchastkalaridan foydalangan holda mavsumiy kafe xizmatlarini tashkil etishga ruxsat berilgan hamda mazkur jarayonni soddalashtirish bo‘yicha mas’ul idoralarga topshiriqlar berilgan.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 iyuldagi «Tadbirkorlik sub’ektlariga tutash hududlardan mavsumiy foydalanishni tashkil etishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 478-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, tadbirkorga tegishli hududga tutash yoki undan 5 metrdan ortiq bo‘lmagan masofada joylashgan bo‘sh maydonlar tijorat faoliyatini amalga oshirish uchun auksion savdolarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilishi belgilangan. Shuningdek, ijara shartnomalari Soliq qo‘mitasining ijara shartnomalarini hisobga olish elektron tizimi orqali rasmiylashtirilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, ayrim mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlarni tutash hududlardan foydalanishga ehtiyoj mavjud bo‘lmagan hollarda ham ijara shartnomasi tuzishga majburlash, rad etilgan taqdirda esa ushbu hududlarni boshqa tadbirkorlarga berib yuborish bilan tahdid qilish holatlari kuzatilmoqda.
Mutaxassislarga ko‘ra, bunday amaliyotlar amaldagi qonunchilik talablariga zid bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatini erkin amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi.
Shu munosabat bilan, agar tadbirkorlarga nisbatan mahalliy hokimiyat organlari tomonidan noqonuniy yoki asossiz talablar qo‘yilayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga +998 78 150 60 06 telefon raqami orqali murojaat qilish so‘ralmoqda.