So‘nggi paytlarda ko‘plab odamlar internet magazinlar, texnikalar do‘koni yoki boshqa xizmatlar orqali “muddatli to‘lov”, ya’ni “hozir ol, keyin bo‘lib-bo‘lib to‘la” xizmatidan foydalanyapti. Bu tizimga BNPL (Buy Now, Pay Later) deyiladi.
Misol uchun: Farrux televizor sotib olmoqchi. Bu televizor 6 million so‘m turadi. Uda hozircha shuncha pul yo‘q. Do‘kon BNPL xizmati taklif qiladi – televizorni hozir oladi, lekin 6 oy davomida har oy 1 million so‘mdan bo‘lib to‘laydi.
Bu Farrux uchun qulay, lekin u boshqa do‘kondan telefon, kiyim-kechak ham BNPL orqali olsa, har oy katta miqdorda to‘lov qilishi kerak bo‘ladi. Agar bu miqdor oylik daromadidan ko‘p bo‘lsa – u qiynalib qolishi mumkin. Bu – “qarz yuki” deb ataladi.
– Bu BNPL xizmati juda tez rivojlanyapti va hozirda ancha katta miqdorga yetib qoldi.
– Lekin bu bozor hozircha huquqiy tartibga solinmagan, ya’ni qoidalari yo‘q.
– Shuning uchun bu xizmat orqali aholi ortiqcha qarzga botib qolishi mumkin.
Bu haqda 2 may kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi konferensiyasida regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Nima chora ko‘rilmoqda?
– Markaziy bank BNPL xizmatini ko‘rsatayotgan kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan.
– Banklarga mijoz qanday to‘lovlarga BNPL orqali majbur bo‘layotganini hisobga oling, deb tavsiya qilinmoqda.
– Eng muhimi, bu bozorni endi rasman tartibga solish ishlari boshlanadi.
❓Ya’ni, endi nima bo‘ladi?
BNPL kompaniyalariga muayyan talablar qo‘yiladi – masalan, foizni ochiq ko‘rsatish, shartnomalarni shaffof qilish.
Banklar BNPL orqali olingan majburiyatlarni ham qarz sifatida hisobga oladi. Aholining ortiqcha qarzga botmasligi uchun nazorat kuchaytiriladi.
“Hozir ol, keyin to‘la” xizmati juda qulay, lekin u orqali ko‘p narsa sotib olgan odam hatto bilmagan holda katta qarzga tushib qolishi mumkin. Shuning uchun bu xizmatni endi Markaziy bank qonunan nazorat qilishni boshlamoqda.