Argentinalik afsonaviy futbolchi Diego Maradonaning o‘limi ishi bo‘yicha sud jarayoni hal qiluvchi pallaga kirdi. Prokuratura futbolchini davolagan tibbiyot xodimlariga 4 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni talab qilmoqda.
TN telekanali va Ole nashrining xabar berishicha, 2026 yilning aprel oyida San-Isidro (Buenos-Ayres atrofi) shahrida yetti nafar tibbiyot xodimiga nisbatan sud jarayoni boshlangan. Ular bemorning o‘limiga olib kelgan mas’uliyatsizlik va sovuqqonlikda ayblanmoqda.
Prokurorning ta’kidlashicha, neyroxirurg Leopoldo Luke Maradonani davolagan asosiy shifokor va uning o‘limidagi bosh aybdor hisoblanadi. Ayblov xulosasiga ko‘ra, Luke bemordagi yurak yetishmovchiligi belgilarini e’tiborsiz qoldirgan, uni maxsus shifoxonaga yotqizish o‘rniga uy sharoitida davolashga ko‘rsatma bergan. Natijada futbolchi o‘z uyida “amalda yopiq eshiklar ortida qolib ketgan”. Ushbu o‘limning oldini olish mumkinligi va ko‘rsatilgan tibbiy yordam umuman talabga javob bermasligini inobatga olib, prokuror Luke uchun eng og‘ir jazo — 12 yil qamoq so‘ragan.
Shuningdek, boshqa mutaxassislar uchun ham qat’iy jazolar talab qilinmoqda:
Nensi Forlini (“Swiss Medical” sug‘urta kompaniyasi koordinatori) — 10 yil;
Agustina Kosachov (psixiatr) — 8 yil;
Karlos Dias (psixolog) — 5 yil qamoq va 10 yil davomida kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqlash;
Rikardo Almiron va Mariano Perroni (tibbiyot xodimlari) — 4 yildan qamoq hamda 8 yillik taqiq.
E’tiborlisi, prokuratura jarayonga jalb qilingan terapevt Pedro Di Spanyanni hech narsada ayblamagan. U o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashgan va vazifasini to‘g‘ri bajargan yagona mutaxassis deb topilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Diego Maradona 2020 yilning 25 noyabr kuni 60 yoshida vafot etgan edi. O‘limga o‘pka shishishiga olib kelgan o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgan. O‘limidan ikki hafta oldin futbolchi miyasidagi qon quyqalarini (tromblarni) olib tashlash bo‘yicha operasiyani boshdan kechirgandi.