"Manchester Siti" muxlislari ovoziga ko‘ra, Niko O’Rayli jamoaning mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Ushbu sovrin uchun kurashda u jamoadoshlari Abduqodir Husanov va Jeremi Dokudan ustun keldi. Har ikki futbolchi ham yakuniy uchlikdan joy olgan edi.
O’Rayli joriy mavsum «shaharliklar» safida 53 ta uchrashuvda ishtirok etib, 4043 daqiqa maydonda harakat qildi.
Asosan chap qanot himoyachisi sifatida o‘ynagan futbolchi 9 ta gol va 6 ta assist qayd etdi. Shuningdek, u maydonda bo‘lgan uchrashuvlarda jamoa 14 marta o‘z darvozasini daxlsiz saqlab qolgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan mavsum ushbu e’tirofga Yoshko Gvardiol sazovor bo‘lgan edi. Xosep Gvardiola shogirdlari APLning so‘nggi turida «Aston Villa»ga qarshi maydonga tushadi.