Bugun 20 fevral, 2026 yil, juma

КИР

“Manchester Siti” beshinchi divizionga tushirib yuborilishi mumkin — manba

“Manchester Siti” beshinchi divizionga tushirib yuborilishi mumkin — manba

Angliyaning “Manchester Siti” klubi moliyaviy qoidalarni buzgani uchun jazolanishi va hatto beshinchi divizionga tushurib yuborilishi mumkin. Bu haqda Topskills Sports UK nashri xabar bermoqda.

Klubga qo‘yilgan 115 ta ayblov bo‘yicha surishtiruv ishlari o‘tgan yili yakuniga yetgan. “Shaharliklar” yakuniy hukmni 2025/26-yilgi mavsum oxirigacha bilib oladi. Maxsus komissiya barcha dalillarni o‘rganib chiqib, o‘z qarorini e’lon qiladi.

Klubni kutayotgan eng yomon qaror — uning Premyer Ligadan chetlatilishidir. Bunday vaziyatda “Manchester Siti” hammasini noldan — mamlakatning beshinchi divizionidan boshlashiga to‘g‘ri keladi. Gap shundaki, pastki ligalarni boshqaradigan Angliya futbol ligasi (EFL) jamoani darrov Chempionship, Birinchi yoki Ikkinchi ligaga qabul qilishga majbur emas. Agar ushbu ligalar “Manchester Siti”ni qabul qilishdan bosh tortsa, klub professional maqomini yo‘qotib, havaskorlar darajasiga yaqin bo‘lgan beshinchi divizionga tushib ketadi.

Ma’lumot o‘rnida, Premyer Liga rahbariyati “Manchester Siti”ni 2009-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda moliyaviy cheklovlarni chetlab o‘tib, 115 marta qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganlikda ayblamoqda.

Ayni paytda “shaharliklar” Premyer Liga turnir jadvalida 53 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa yetakchi “Arsenal”dan 5 ochkoga ortda qolmoqda.

Kiritildi: 23:38 19.02.2026. O'qildi: 270 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!