Jamiyatning demokratik tamoyillarga qay darajada asoslanganligi bevosita sudlarning mustaqilligiga bog‘liq. O‘z navbatida, mamlakatimizda ma’muriy sudlarning tashkil etilishi Asosiy qonunimizda belgilangan ushbu huquqlar samarali amalga oshirilishini ta’minlashga ham xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan fuqaro yoki tadbirkorlarning huquqlari buzilganda, ularni himoya qilish ma’muriy sudlar tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022 yil 29 yanvarda qabul qilingan PQ-107-sonli qarori ma’muriy sudlar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishni o‘zida musajjamlashtirgan, aniq maqsadlar ko‘zda tutilgan hujjat bo‘ldi.
Qarorda ma’muriy sudlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirish maqsadidaprosessual qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqini taqdim etish hamda bunday talablarni ko‘rib chiqishni ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkazish belgilandi.
Ma’muriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda esa, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishi, shuningdek, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlarini joriy qilish va prosessual qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Taraflarga, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha kelishuv bitimini tuzish huquqini berish belgilanishi ayni muddao bo‘lib, taraflar o‘rtasidagi nizoni hal qilishda qonuniylik to‘liq ta’minlanishi bilan birga, sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimini ijroga qaratilishida taraflarga qulayliklar yaratadi hamda qisqa muddatlarda nizolarni hal etilishiga erishiladi.
Sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatishni taqiqlash, bunda da’vo arizasi, ariza, shikoyat yoki ishni ularni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish, ma’muriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorida aniqlangan holatlar boshqa ishni ko‘rayotgan fuqarolik ishlari bo‘yicha sud uchun majburiy hisoblanishini belgilanishi, bir sud ishi doirasida ba’zilari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talabni birlashtirish taqiqlanishi ham alohida mustahkamlandi.
Ushbu qonun normasining kiritilishi huquqi buzilgan fuqarolarning yoki tadbirkorlik subyektlarining sudma-sud yurib, ovora bo‘lishlariga barham beradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu qaror fuqarolar va tadbirkorlarning odil sudlov himoyasida bo‘lish imkoniyatini oshirib, sud qarorlarining ijro etilishi yuzasidan davlat organlari ustidan ta’sirchan sud nazorati o‘rnatilishiga va pirovardida ma’muriy sud ishlarini yuritilishining xalqaro talablar doirasida takomillashtirilishiga xizmat qiladi.
Suxrob Talipov,
Toshkent shahar ma’muriy sudining sudyasi