2025 yil 5 may kuni soat tonggi 6:10 da “Mustaqillik-25” konidagi 202-quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning katta bosim bilan otilishi va natijada fontanlanish holatining qaytalanishi kuzatildi.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning tarqalishini oldini olish maqsadida gaz oqimi nazorat ostida yoqib yuborilgan. Ayni paytda barcha zarur tadbirlar xavfsizlik choralariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda. Hodisa sodir bo‘lgan hudud tegishli xizmatlar tomonidan o‘rab qo‘yilgan va hozirgi vaqtda ushbu hudud O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, yuzaga kelgan hodisa yaqin atrofdagi aholi punktlari uchun xavf tug‘dirmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 27 mart kuni mazkur quduqda tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gazning chiqishi qayd etilgandi. Ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida quduq nazorat ostida yoqib qo‘yilgan. 22 aprel kuni quduq o‘qining g‘ovlanib tushgani va kolonna chiqib ketishi natijasida fontanlanish to‘xtagan, hodisa joyida gazning sust oqimi (grifon) kuzatilgan edi.
Avariyani bartaraf etish maqsadida hodisa joyida xorijdan jalb etilgan mutaxassislar ham faoliyat olib bormoqda. Har bir holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berib boriladi.