AQShning Yevropadagi harbiy ishtirokini qisqartirish va’dasini bergan AQSh prezidenti Donald Trampning yangi siyosati fonida, NATOga a’zo Yevropa davlatlari Rossiya bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rish uchun shiddatli harakatlarni boshlab yubordi.
CNN nashri AQSh chindan ham o‘z va’dalarini bajargan taqdirda, Yevropa qurolli kuchlari paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan "bo‘shliq"ni to‘ldira olish-olmasligini tahlil qildi.
Ta’kidlanishicha, Yevropa ancha katta va qimmatbaho armiyalarga ega bo‘lsa-da, ular "eng yomon vaziyatga tayyorgarlik ko‘rish uchun jiddiy mablag‘ va tajribaga muhtoj". Xususan, so‘nggi paytlarda Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya haqiqatan ham o‘zlarining eskirgan qurolli kuchlariga sarmoya kiritgani, biroq "bu mablag‘larning ta’siri jangovar safda sezilishi uchun bir necha yil talab etilishi mumkin"ligi qayd etilgan.
Qayd etilishicha, Rossiya bilan chegaraga yaqin joylashgan davlatlar tezroq harakatlanmoqda. Nashrning eslatishicha, yaqinda AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset Polshani "nafaqat o‘z mudofaasiga, balki umumiy mudofaa va qit’a mudofaasiga sarmoya kiritishga tayyor" o‘zini o‘zi ta’minlash namunasi deb atagan. Biroq, nashrning ta’kidlashicha, Polshaning mudofaa xarajatlarining oshishi Trampning iltifotiga sazovor bo‘lish istagidan ko‘ra ko‘proq uning Rossiya bilan uzoq yillik keskin munosabatlari bilan bog‘liq.