Ukrainaning Sumi viloyati hokimiyati mintaqaning shimoli-sharqida, Rossiya chegarasi yaqinida joylashgan Belopillya va Vorojba shaharlaridan aholini zudlik bilan ko‘chirishni e’lon qildi.
Sumi tumani davlat boshqarmasi rahbari Mixail Melnik mahalliy aholiga xavfsiz joyga ko‘chish chaqirig‘i bilan murojaat qilib, bu haqda Facebook’da yozib qoldirdi.
"Belopillya va Vorojba shaharlari aholisidan zudlik bilan xavfsiz joyga ko‘chishlarini so‘rayman. Ko‘chirish avtobuslari har kuni ertalab soat 8:00 da jo‘nab ketadi," - deya yozdi Melnik. Uning aytishicha, ko‘chirishga yozilish kecha-yu kunduz amalga oshirilishi mumkin.
Belopillya aholisi - taxminan 6 ming, Vorojba esa - 6,6 ming kishini tashkil etadi. Belopillya Rossiyaning Tetkino qishlog‘idan taxminan 13 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Avvalroq Ukraina harbiylari Rossiya bahor oxiri - yoz boshida frontning aksariyat yo‘nalishlarida hujum harakatlarini kuchaytirishi mumkinligiga tayyorgarlik ko‘rayotgani ma’lum bo‘lgandi. Ukraina qo‘mondonligi Rossiya Sumi va Xarkov viloyatlari chegarasida hujum harakatlarini boshlashi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Shu bilan birga, Sumi OAG Rossiya qo‘shinlari Sumi viloyati hududida bufer zona yaratishga urinishlarni davom ettirayotgani, biroq sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmayotganini ma’lum qildi.