Fransiya prezidenti Emmanuel Makron so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning Kiyev yoki Odessa shaharlari “xohlovchi koalisiya” qo‘shinlari uchun faqat ikkinchi qatorda, frontdan uzoq joylashtirilishi mumkin. Bu haqda u RTL radiosiga bergan intervyusida ma’lum qildi. “Biz hech qachon front zonasida joylashtirishni rejalashtirmaganmiz, chunki bu bizning vazifamiz emas”, — dedi Makron. Uning ta’kidlashicha, qo‘shinlarning aniq tarkibi va tayyorlanish bosqichlari hanuz maxfiy, va “barchasi ancha murakkab; zaxira kuch hali ham shakllantirilmoqda”. Shu bilan birga, Makronning aytishicha, maqsad — Kiyev xavfsizligini ta’minlash va Ukraina Qurolli Kuchlari harbiylarini tayyorlashdir. Shu yo‘nalishda mamlakatda ingliz, fransuz va turk harbiylari ham joylashtirilishi mumkin.