Bugun 21 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Latif Karimov merosi Xivada o‘tkazilgan «Gilamlar jilosi» II Xalqaro gilam ko‘rgazma-festivalida namoyish etildi

Latif Karimov merosi Xivada o‘tkazilgan «Gilamlar jilosi» II Xalqaro gilam ko‘rgazma-festivalida namoyish etildi

O‘zbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi qadimiy Xiva shahrida joylashgan «Arda Xiva» majmuasida «Gilamlar jilosi» II Xalqaro gilam ko‘rgazma-festivali bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi ming yillik tarixga ega gilamdo‘zlik an’analarini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish, milliy naqshlarning ramziy ma’no-mazmuni hamda ularning zamonaviy dizayn bilan uyg‘unligini keng jamoatchilikka namoyish etishdan iborat bo‘ldi. Festivalda Ozarbayjon bilan bir qatorda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Eron, Tojikiston va Afg‘onistondan tashrif buyurgan hunarmandlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, o‘z mamlakatlarining gilamdo‘zlik san’atiga oid noyob namunalarini namoyish etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Akif Marifli Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi abadiy do‘stlik hamda strategik sheriklik munosabatlariga to‘xtalib, ushbu aloqalarni yanada mustahkamlashda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. U gilamdo‘zlik san’ati har ikki xalqning boy madaniy merosida muhim o‘rin egallashini qayd etib, asrlar davomida shakllangan va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ushbu bebaho merosni asrab-avaylash, rivojlantirish hamda kelajak avlodlarga yetkazishda bunday xalqaro madaniy tadbirlarning o‘rni beqiyos ekanligini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, Akif Marifli 2026 yilda Ozarbayjon gilamdo‘zlik san’atining atoqli namoyandasi, taniqli gilamchi-rassom va san’atshunos olim Latif Karimov tavalludining 120 yilligi nishonlanayotganini ta’kidlab, buyuk san’atkorning Ozarbayjon gilamdo‘zlik maktablarini ilmiy asosda o‘rganish, milliy gilamchilik an’analarini rivojlantirish va targ‘ib etishga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritdi. U Latif Karimovning boy ilmiy-ijodiy merosi nafaqat Ozarbayjon, balki turkiy xalqlarning umumiy madaniy-badiiy merosi nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Festival doirasida O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan tashkil etilgan «Latif Karimov — Ozarbayjon gilam san’atining buyuk ustasi» nomli ko‘rgazma namoyish etildi. Ekspozisiyadan Ozarbayjonning Qorabog‘, Shirvon, Ganja, Qazax, Iravon, Darband, Tabriz va Quba gilamdo‘zlik maktablariga mansub namunalar o‘rin oldi.

Ko‘rgazma davomida tashrif buyuruvchilarga Latif Karimovning hayoti va ijodiy faoliyati, uning Ozarbayjon gilamdo‘zlik san’atini ilmiy jihatdan o‘rganish va rivojlantirishdagi xizmatlari, shuningdek, Ozarbayjon gilamchilik maktablarining o‘ziga xos badiiy-estetik xususiyatlari, naqsh va bezak tizimi hamda tarixiy an’analari haqida batafsil ma’lumot berildi. Namoyish etilgan gilam namunalari mahalliy aholi va Xiva shahri mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Kiritildi: 20:17 20.10.2026. O'qildi: 242 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!