«Barselona» qanot hujumchisi Lamin Yamal dekabr oyi yakuniga ko‘ra Ispaniya La Ligasida oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu haqda "Barsa"ning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkaunti orqali ma’lum qildi.
Ispaniyalik futbolchi ushbu mukofotni ketma-ket ikkinchi marta qo‘lga kiritdi — u noyabr oyida ham Primeraning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan edi.
O‘tgan oyda «ko‘k-anorranglilar» Ispaniya chempionatidagi beshta o‘yinning barchasida g‘alaba qozondi. Jamoa «Atletiko»ni (3:1), «Betis»ni (5:3), «Osasuna»ni (2:0), «Vilyarreal»ni (2:0) va «Espanyol»ni (2:0) mag‘lub etdi. Ushbu bahslarda kataloniyalik vinger ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Sentyabr va oktyabr oylarida esa oyning eng yaxshi futbolchisi sovrini «Real» markaziy hujumchisi Kilian Mbappega nasib etgan.
Joriy mavsumda ispaniyalik futbolchi barcha musobaqalarda «Barselona» safida 22 ta o‘yin o‘tkazib, «gol + pas» tizimi bo‘yicha 9 ta gol va 9 ta golli uzatma qayd etgan.