2025 yilning 16 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida aholiga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgandi. Mas’ullar voqeadan so‘ng, portlash va undan kelib chiqqan yong‘in 4 kishining umriga zomin bo‘lganini ochiqlagandi. Voqeadan xabardor manbaning bildirishicha, shifoxonaga yotqizilib, komada qolayotgan 10 sinf qiz ham vafot etib, o‘limlar soni ortgan.
Portlash hududida bo‘lib, tafsilotlarni o‘rgangan «Daryo» nashri rasmiylar o‘limlar sonini ochiqlashda jamoatchilikni chalg‘itayotganini hikoya qilgandi. OAV vakili bilan suhbatlashgan aholi vakillari o‘sha kunning o‘zida o‘limlar beshtaga yetganini, mas’ullar 4 kishi vafot etgan deb yolg‘on ma’lumot berayotganini aytgandi.
Aniqlanishicha, 16 iyul kuni gaz shoxobchasining yonidagi oilaviy restoranda chiqqan yong‘indan jabrlanib, shifoxonaga yotqizilgan va 20 iyul holatiga ko‘ra komada qolayotgan qiz ko‘p o‘tmay vafot etgan. Qiz komadan chiqmadi, vafot etdi, deydi bu haqda bildirgan manba. Fojia oqibatida vafot etgan Dilnoza ismli qiz voqeaning oltinchi qurboni. Ammo rasmiylarga ko‘ra, bu o‘lim beshinchi o‘lim.