Gazetaning yozishicha, Rossiya razvedkasi Donald Tramp 2024 yilda AQSh prezidentligi uchun saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, uning atrofidagi shaxslar bo‘yicha hisobot tayyorlagan. Kreml Oq uyning yangi ma’muriyati ichidan o‘zi uchun qulay odamni qidirgan.
Moskva Kit Kellog nomzodiga qarshi bo‘lgan. Buning sabablaridan biri Kellogning qizi Ukrainadagi xayriya tashkilotiga rahbarlik qilganidir. Stiv Uitkoff esa siyosatdan ko‘ra biznesda ko‘proq tajribaga egaligi hamda o‘z harakatlari va safarlarini har doim ham AQSh maxsus xizmatlari bilan muvofiqlashtirmasligi bilan Kremlni o‘ziga rom etgan.
Nashr manbalariga ko‘ra, Rossiya hukumati tomonidan Uitkoffga yuborilgan ilk uchrashuv taklifini Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon yetkazgan. Amerikalik tadbirkor Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga taklif qilingan.
"Kreml unga AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) xodimlari, diplomatlar va hatto tarjimon hamrohlik qilmasligini qat’iy talab qilgan. Putin va Uitkoffning yopiq uchrashuvi shu yilning 11 fevral kuni bo‘lib o‘tgan. O‘shandan beri Uitkoff Rossiya yetakchisi huzuriga olti marta bordi, bu oxirgi 75 yil ichida AQShning har qanday mulozimi tomonidan amalga oshirilgan shunday safarlardan ko‘proqdir. Shu bilan birga, Uitkoff Trampning maxsus vakili etib tayinlanganidan beri biror marta ham Ukrainada bo‘lmagan", deyiladi maqolada.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Uitkoff doimo Rossiya prezidenti bilan AQSh rasmiy tuzilmalarini chetlab o‘tgan holda uchrashgan. Shuningdek, u Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan birgalikda Ukraina chegaralari va harbiy kelajagidan tortib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish hamda urushdan keyingi investisiyalargacha bo‘lgan masalalarni muhokama qilgan.