Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) sharqida qurolli guruh tomonidan aholi punktiga qilingan hujum oqibatida kamida 37 nafar tinch aholi vafot etdi.
Bu haqda RFI Kongo armiyasiga tayanib ma’lum qilgan.
Harbiylar hujum uchun javobgarlikni «Islom davlati» bilan aloqador bo‘lgan «Demokratik kuchlar alyansi» (ADF) guruhi zimmasiga yuklamoqda.
Hujumchilar bir nechta mahallaga bostirib kirib, 50 ga yaqin uy va savdo ob’ektlariga o‘t qo‘ygan, dorixonalar hamda tibbiyot markazlarini talon-toroj qilgan. Shundan so‘ng ular o‘rmonzor hududga qochib ketgan. Fuqarolik jamiyati vakillarining ma’lum qilishicha, ko‘plab aholi qo‘shni aholi punktlariga qochishga majbur bo‘lgan.
Bu bir hafta ichida ADF guruhi bilan bog‘liq ikkinchi hujumdir. 3 noyabr kuni qurollangan shaxslar Lubero hududidagi Maykengu qishlog‘iga hujum qilgan.