Bugun 27 noyabr, 2024 yil, chorshanba

КИР

Klaster – agrar sektorning asosiy o‘sish nuqtasi

Klaster – agrar sektorning asosiy o‘sish nuqtasi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi faol qo‘llab-quvvatlanadigan davlatlar sirasiga kiradi. Shu bois, bugungi kunda respublikamiz agrar sohasiga davlat tomonidan rivojlangan mamlakatlarga nisbatan ko‘proq mablag‘ ajratilmoqda.

Hozirgi murakkab va qaltis davr dunyo miqyosida agrar sohaning hal qiluvchi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor yaqqol ko‘rsatib bermoqda. Mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, sohada yangi ish o‘rinlari yaratish, manfaatdorlikni yanada oshirish eng muhim masalaga aylanmoqda.

Mamlakatimizda iqtisodiyotni, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasini modernizasiya va diversifikasiya qilish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, fermer, klaster hamda kooperasiyalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasiga har doimgidan ham ko‘proq ahamiyat berilayotganining boisi ham shunda.

Binobarin, klaster tizimini joriy etish, zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini yaratish va tomorqa xo‘jaligi amaliyotini kengaytirish nafaqat hosildorlikni, balki qishloqda aholi turmush darajasini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu yangi tuzilma o‘tgan juda qisqa vaqt ichida agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuch — drayveriga aylandi.

Xo‘sh, klasterning afzallik tomonlari nimada? U qaysi omillar hisobiga rivojlanyapti? Keyingi yillarda katta e’tibor qaratilayotgan qishloq xo‘jaligining mazkur yo‘nalishi o‘zini qay darajada oqlayapti?

Klaster bu – urug‘ni yerga qadashdan boshlab, undan yuqori va qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, tayyor mahsulotlarni ichki bozorga va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan ishlarni birlashtiruvchi tizim. Bugun dunyoning ko‘plab davlatlarida bu tizim qo‘llaniladi.

Shu sababli Prezidentimiz ham 2017 yilning fevral oyida Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida ilk bor klaster islohotini ilgari surib, to‘qimachilik korxonalarimiz oyoqqa turib oldi, bu korxonalar endi paxtachilikda mustahkam manba sifatida ishlab keta oladi, deya ta’kidlagan edi.

So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar tufayli klaster usulida mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilar manfaatlarining mushtarakligi ta’minlanyapti. Klaster ishtirokchilari qishloq joylarga sanoatni olib kirish evaziga sohada yig‘ilib qolgan muammolarni hal etishda tashabbuskor bo‘lyapti. Eng asosiysi, klasterlarda odamlarning bandligi ta’minlanib, ular qishin-yozin mehnat qilyapti, oylik maosh olyapti.

Boshqacha aytganda, bu tizim dehqonlarimiz, agrar soha vakillariga yangicha zamonaviy uslubda ishlashni o‘rgatdi. Hosildorlik, daromadni oshirdi. Tan olishimiz kerakki, har bir insonni, avvalo, manfaat boshqaradi. Har bir inson yaxshi yashashni, farovon turmush kechirishni istaydi. Buning uchun, albatta, o‘zi va yurti manfaati yo‘lida tinmay mehnat qiladi. Klaster bizga mana shu manfaatni ko‘rsatdi.

E’tibor bering, 2020 yilda 97 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan jami 2 mln 794 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirilgan bo‘lib, o‘rtacha hosildorlik 30,1 s/ga ni tashkil etgan. Qolaversa, 78 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan shartnomada belgilangan hosil to‘liq yetishtirilib, shundan 11 tasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishilgan yoki o‘rtacha 3-8 s/ga qo‘shimcha hosil olingan.

Shu jihatdan, bugun qishloq xo‘jaligida ish yuritishning yangicha shakli — klaster usuli tobora ommalashmoqda. Negaki, bunday mexanizm har qanday sharoitga moslasha oladi, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy muammolarni izchillik bilan samarali yechib beradi. Chunki klaster usuli to‘qimachilik sanoati rivojida muhim ahamiyatga ega va bu usulni hayotga tatbiq etish uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yetarli.

Mubolag‘asiz aytamanki, klaster tushunchasi, bugun hamma uchun bo‘lmasa-da, shu tizimda ishlayotgan fermerlarga yaxshi tanish bo‘lib qoldi. Paxta ekishdan to tayyor mahsulotgacha bo‘lgan jarayonni yagona texnologik tizimga birlashtirgan ishlab chiqarishning yangi majmuasi ilm-fan yutuqlarini, yangi innovasion texnologiyalarni amaliyotga jadal joriy etishga ham keng yo‘l ochib berdi.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston sharoitida klasterlarni rivojlantirish eng oqilona qarordir. Boisi qishloq xo‘jaligi uchun noqulay kelgan yillarda ham klasterning boshqa tashkilotlari hisobidan umumiy ish o‘rni va ish haqi saqlab qolinadi. Asosiysi, klasterlar hududlarning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashda katta rol o‘ynab, ushbu yondashuv iqtisodiy jihatdan ustuvor tarmoqlar va loyihalarni aniqlash imkonini beradi.

Xulosa o‘rnida aytganda, bozor tamoyillariga o‘tishda klaster tizimi muhim omildir. Sababi klaster tizimi – bu manfaatdorlik, sohaga ilm-fan va innovasiyaning kirib kelishi demakdir. Zotan, klaster elga manfaat keltiradi, odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlaydi. Aslida bugungi islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu emasmi!?

 

 

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari

Kiritildi: 19:27 06.02.2021. O'qildi: 3718 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!