Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi isroillik ravvin Zvi Koganni o‘ldirishda gumonlangan O‘zbekiston fuqarolari rekord darajada qisqa muddatda hibsga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda WAM xabar berdi.
Zvi Kogan Moldova pasporti bilan Arab Amirliklariga kelgan va mamlakat rezidenti maqomiga ega bo‘lgan. BAA Ichki ishlar vazirligi fuqarolar, rezidentlar va sayyohlar xavfsizligini ta’minlash davlatning asosiy ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, idora jamiyat barqarorligiga tahdid soluvchi har qanday xatti-harakatlarga qat’iy va shafqatsiz choralar ko‘rish uchun barcha qonuniy vakolatlaridan foydalanadi. Bundan tashqari, u ijtimoiy totuvlik va tinch-totuv yashashni himoya qilish uchun barcha zarur choralarni qo‘llashga tayyorligini bildirdi.