O‘zbekiston hukumati mahkumlarni jazoni o‘tash davrida o‘qigan kitoblari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tkazish tartibini tasdiqladi. Endi muvaffaqiyatli imtihon topshirgan talabgorning jazo muddati qisqartiriladi. Ammo tartib umrbodga ozodlikdan mahrum etilganlar uchun amal qilmaydi.
Hukumat qarorida talabgorlar test sinovlaridan “E-mahkum” dasturi orqali o‘tkazilishi belgilangan. Mahkumning jazo muddati har bir o‘qigan kitobi uchun uch kunga, biroq bir yilda ko‘pi bilan 30 kungacha qisqartiriladi.
Mahkumlarga o‘qigan kitoblari bo‘yicha test sinovini bir yilda ikki marta topshirish imkoni beriladi. Har bir adabiyot bo‘yicha 25 ta test yechiladi (bitta savolga ikki daqiqa vaqt ajratiladi). Testning har bir savoli uchun 4 ball beriladi va talabgorda maksimal 100 ball to‘plash imkoni bo‘ladi. Agar bitta adabiyot bo‘yicha kamida 70 ball to‘plansa, test sinovi muvaffaqiyatli topshirilgan hisoblanadi.
Qarorga binoan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi har yili Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan birga adabiyotlar ro‘yxati asosida test tuzadi. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti mahkumlardan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha imtihon o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Test sinovi talabgorda to‘g‘ri ma’naviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘zlashtirganlik darajasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
Agar mahkum test natijalaridan norozi bo‘lsa, besh ish kuni ichida o‘zi yoki himoyachisi orqali sudga shikoyat yo‘llashi mumkin bo‘ladi. Sud shikoyatni ko‘rib chiqib, natijalari bo‘yicha qaror qabul qiladi. Talabgor tomonidan ko‘rsatilgan dalillar tasdiqlanmasa, test sinovi natijalari o‘zgarishsiz, shikoyat esa qanoatlantirmasdan qoldiriladi.