Keniya markazidagi qizlar maktablaridan birida yuz bergan yong‘in 16 nafar o‘quvchining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda BBC News Africa xabar bermoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 74 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Keniya Qizil Xoch jamiyatining bildirishicha, yong‘in haqidagi xabar 28 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:30 da kelib tushgan. Yong‘inning kelib chiqish sabablari hozircha aniqlanmagan.
Associated Press agentligining qayd etishicha, Keniyadagi maktab-internatlarda yong‘inlar muntazam ravishda yuz berib turadi. Ularning ba’zilari qasddan o‘t qo‘yish, boshqalari esa elektr simlaridagi nosozliklar tufayli sodir bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: Keniyaning yangi tarixidagi eng dahshatli maktab yong‘ini 2001 yilda sodir bo‘lgan bo‘lib, o‘shanda Machakos okrugidagi yotoqxonada yuz bergan ofat oqibatida 67 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan edi. 2024 yilda ham Keniya markazidagi maktabda sodir bo‘lgan yong‘in 21 nafar o‘quvchining umriga zomin bo‘lgandi.