Turkiyada zo‘ravonlikka uchragan 17 yoshli O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda Migrasiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan fuqaro o‘qish bahonasida Turkiyaga olib borilgan. U yerda majburiy nikohga undash, jismoniy zo‘ravonlik va majburiy mehnat holatlariga duch kelgan.
Fuqaro ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan.
Bosh konsulxona tomonidan advokatlar jalb qilinib, unga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, fuqaroning Migrasiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan O‘zbekistonga qaytarilishi ta’minlangan.
Migrasiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, voyaga yetmagan fuqaroning xavfsizligini, ijtimoiy-huquqiy va psixologik himoyasini ta’minlash masalalari tegishli tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan.