Amerikalik reper Kanye Uestning Sankt-Peterburgda 10 va 11 oktyabr kunlari «Gazprom Arena»da o‘tkazilishi rejalashtirilgan konsertlari bekor qilindi.
«Kommersant’» manbalariga ko‘ra, reperga taxminan 20 million dollar to‘langan. Bu mablag‘ning bir qismi uning ijodiy jamoasi xarajatlariga mo‘ljallangan. Manbalar ta’kidlashicha, shartnomada konsertlar bekor qilingan taqdirda gonorarni qaytarish majburiyati nazarda tutilmagan.
Tashkilotchilar 12 oktyabrdan chiptalar uchun to‘langan mablag‘larni qaytarishni boshlashini bildirgan. Shu bilan birga, norozi tomoshabinlar tomonidan kamida to‘qqizta da’vo arizasi sudga kiritilgan.
Ayni paytda «Sey Eydjensi» rahbari Anna Subcheva Kanye Uestga 20 million dollar to‘langani haqidagi ma’lumotni «mutlaqo yolg‘on» deb atadi. U tashkilotchilarning zarari katta emasligini ta’kidladi.
«Dojd» telekanali esa konsertlarning bekor qilinishiga Vladimir Poznerning rafiqasi Nadejda Solovyova aloqador bo‘lishi mumkinligini xabar qildi. Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, Solovyovaning «SAV Enterteynment» agentligi va promouter Yevgeniy Finkelshteyn dastlab Kanye Uest konsertlarini tashkil etishga harakat qilgan. Biroq Anna Subchevaning «Sey Eydjensi» reperga yuqoriroq gonorar taklif qilib, shartnomani qo‘lga kiritgan.
«Dojd» ta’kidlashicha, Solovyova va Finkelshteyn konsertlarni bekor qildirish uchun ikkinchi xizmat FSBdagi aloqalaridan foydalangan bo‘lishi mumkin. Bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.