AQShning Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom o‘lim jazosiga hukm qilingan barcha mahkumlarning jazosini umrbod qamoq jazosiga almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bu haqda gubernatorning rasmiy saytida e’lon qilingan ochiq maktubda ma’lum qilingan.
«Men o‘zimning afv etish sohasidagi konstitusiyaviy vakolatlarimdan foydalanib, Kaliforniyadagi barcha o‘lim jazolarini shartli ravishda ozod etish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga almashtirishga qaror qildim. Bu qadamni qo‘yishimga sabab — davlat tomonidan ruxsat etilgan qotillik Kaliforniya qadriyatlariga zid ekaniga qat’iy ishonaman», — deyiladi bayonotda.
Nyusomning qo‘shimcha qilishicha, u qariyb 30 yildan buyon o‘lim jazosiga qarshi chiqib keladi. Kaliforniyada esa so‘nggi bir yil davomida birorta ham o‘lim jazosi ijro etilmagan.
Shu bilan birga, shtatda 548 nafar mahkum o‘lim jazosiga hukm qilingan va jazo ijrosini kutmoqda. Gubernatorning fikricha, bu ko‘rsatkich butun G‘arbiy yarimshardagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.