Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus xalqaro hamjamiyatni ogohlantirdi. Uning fikricha, yangi global pandemiya ro‘y berishi muqarrar. Shunday holatga tayyor turish kerak.
– Keyingi pandemiya vaziyat tinchlanishini kutmaydi, – degan mulozim. – 20 yil yoki yanada ko‘proq vaqt mobaynida sodir bo‘lishi mumkin. Ehtimol ertaga yuz berar... So‘nggi COVID-19 pandemiyasi rasman 7 million odamning hayotiga zomin bo‘ldi, ammo JSST haqiqiy o‘lim holatini 20 million, deb hisoblaydi. Qurbon bo‘lgan insonlardan tashqari jahon iqtisodiyoti 10 trillion dollardan ko‘p zarar ko‘rdi. Garchi, koronavirus uzoq xotiradek ko‘rinsa-da, yangi kasallik tarqalishi xavfiga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rish lozim. Dunyo bo‘lingan, qarama-qarshilik hukm surayotgan hozirgi zamonda mamlakatlar hamkorlik qilish va umumiy til topish uchun hali birlashishi mumkinligi haqida aniq belgi kerak.
Tashkilot veb-saytida e’lon qilingan 2024 yil statistikasida keltirilishicha, COVID-19 pandemiyasi 2020-2021 yillarda mos ravishda 4,1 million va 8,8 million kishining umriga zomin bo‘lgan. Natijada butun dunyo bo‘ylab o‘rtacha umr ko‘rish qisqargan.