AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens Yevropa mamlakatlarining migrasiya siyosati Fransiyadagi ommaviy tartibsizliklarga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Uning bunday bayonot berishiga Limoj shahridagi meriya binosi yonayotgani aks etgan video sabab bo‘ldi. Vens ushbu videoga X ijtimoiy tarmog‘ida munosabat bildirdi.
«G‘arb liberallari xilma-xillik va hamdardlikni bahona qilib, uchinchi dunyo mamlakatlarini Fransiya va boshqa davlatlarga olib kirishdi», — deb yozdi u.
Vensning fikricha, Yevropa hukumatlari migrantlarni jamiyatga integrasiya qilish muammolari va o‘z siyosatlarining oqibatlariga yetarlicha e’tibor qaratmagan.
«Ular assimilyasiya va o‘zaro moslik bilan bog‘liq asosiy masalalarni e’tiborsiz qoldirishdi. Oqibatlar qanday bo‘lishi haqida ularni ogohlantirishgan, ammo ular quloq solishmagan», — dedi AQSh vise-prezidenti.
Shuningdek, Vens AQSh Demokratik partiyasini ham tanqid qildi.
«Kongressdagi demokratlar mamlakatingiz uchun aynan shunday kelajakni xohlashadi», — deb yozdi u 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar arafasida.
Eslatib o‘tamiz, bir kun avval Fransiyada yashash xarajatlari oshishiga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tgan. Bir nechta shaharda namoyishlar polisiya bilan to‘qnashuvlarga, binolarga o‘t qo‘yish va do‘konlarni talon-toroj qilish holatlariga aylangan.
Fransiya rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 1200 kishi qo‘lga olingan, 150 nafar polisiya xodimi jarohatlangan.
Vensning migrasiya siyosati va tartibsizliklar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi fikrlari uning shaxsiy siyosiy bahosi hisoblanadi.