Janubiy Koreya sun’iy intellektni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan yangi milliy Hangang superkompyuterini taqdim etdi, deb xabar beradi The Korea Times.
Taqdimot 2 noyabr kuni Tedjon shahridagi Koreya fan va texnologiyalar axborot institutida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ilmiy hamjamiyat, davlat tadqiqot markazlari va texnologiya kompaniyalarining 200 ga yaqin vakili ishtirok etdi.
Oltinchi avlod hisoblash tizimini ishlab chiqish uchun 382,5 milliard von (taxminan 276 million dollar) ajratildi. Yangi superkompyuter 2018 yilda ishga tushirilgan Nurion tizimining o‘rnini bosadi.
Nurion 8 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda va 1730 ta ilmiy loyihani amalga oshirish uchun ishlatilgan. Uning yordami bilan olib borilgan tadqiqotlar natijasida olimlar 1520 ta ilmiy maqola nashr etishdi. Ulardan 70 tasi yetakchi xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan.
Hangang tizimining avvalgi superkompyuterdan asosiy farqi uning ma’lumotlarni qayta ishlash va sun’iy intellekt vazifalarini bajarish imkoniyatlarini kengaytirishidir.
Yangi superkompyuter 8496 ta grafika va 9936 ta markaziy prosessor bloklari bilan jihozlangan. Shuningdek, u yuqori samarali Nvidia GH200 Grace Hopper chiplarini ham o‘z ichiga oladi.
Texnik xususiyatlari jihatidan yangi tizim avvalgisidan ancha kuchliroq. Uning nazariy hisoblash quvvati 24 baravar, ma’lumotlarni saqlash hajmi 10 baravar va axborot almashish tarmog‘ining ishlashi to‘rt baravar yuqori.
Hangang superkompyuterining maksimal hisoblash quvvati 614,7 petaflopsni yoki sekundiga 614,7 kvadrillion operasiyani tashkil etadi. Janubiy Koreya Fan va AKT vazirligi yangi tizim dunyodagi TOR500 superkompyuterlarining eng yaxshi o‘ntaligiga kirishi yoki unga yaqin bo‘lishini bashorat qilmoqda.
Sun’iy intellekt modellarini o‘qitishdan tashqari, tizim ob-havo prognozi, yo‘l-transport hodisalarini modellashtirish va katta hisoblash resurslarini talab qiladigan boshqa ilmiy tadqiqotlarda qo‘llanilishi rejalashtirilgan.
Superkompyuter shuningdek, ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ilmiy va texnologik muammolarni hal qilishga qaratilgan K-Moonshot davlat dasturida ishtirok etadi.
Hangang tizimini sinovdan o‘tkazish oktyabr oyi oxirida boshlandi. Uning to‘liq hisoblash quvvatiga 16 dekabrda kirish imkoniyatini taqdim etish rejalashtirilgan.
KISTI prezidenti Li Sik institut superkompyuterlardan foydalanishda orttirilgan tajribadan yangi tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlash va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanishini ta’kidladi.