Dron hujumi ortidan Saudiya Arabistonining Sharq-G‘arb neft quvuri faoliyati to‘xtatilishi sababli jahon bozoriga yetkaziladigan neft 4 foizgacha kamayishi mumkin — Reuters.
Dronlar hujumidan so‘ng, Saudiya Arabistonining Ho‘rmuz bo‘g‘ozini aylanib o‘tib, Qizil dengizdagi Yanbu portiga kuniga taxminan 4 mln barrel neft yetkazib beradigan Sharq-G‘arb neft quvuri o‘z ishini to‘xtatdi. Eksportning hozirgi sur’atlarida Yanbudagi neft zaxiralari taxminan 5-7 kunga yetadi. Shundan so‘ng, agar quvur orqali neft haydash qayta tiklanmasa, Saudiya Arabistoni yetkazib berish hajmini qisqartirishga majbur bo‘ladi.
Reuters manbalariga ko‘ra, neft quvurini to‘liq ta’mirlash 5-6 haftagacha davom etishi mumkin, ammo quvvatlarning bir qismi ertaroq ishga tushirilishi ehtimoli yuqori.
Yaqin Sharqdagi urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishdagi muammolar vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Saudiya Arabistonida neft qazib olish fevral oyidagi kunlik 10,9 mln barreldan avgust oyida 6,2 mln barrelgacha pasayib ketdi.
Saudiya eksportining yanada qisqarishi jahon bozorida neft va yonilg‘i narxlarining bundan-da tezroq oshishiga olib kelishi mumkin.
Saudiya Arabistonidagi neft quvuriga zarba bergan dronlar Iroq hududidan uchirilgan. Buni Iroq hukumati ham tasdiqladi va hozirda tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi. AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujum ortida Eron turibdi.