Joriy yilning iyul oyida, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 26 mingtadan oshib, iyun oyiga nisbatan 25 foizga ko‘pdir. Bu so‘nggi davrlarda kuzatilgan eng yirik oylik o‘sish ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) faollikning eng sezilarli o‘sishini Surxondaryo (41 foiz), Sirdaryo (35,3 foiz) va Qashqadaryo (33,7 foiz) viloyatlarida qayd etdi.
Toshkent shahrida uy-joy bozori faolligi 24,6 foizga o‘sdi.
Hisobot davrida O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha bozor qiymati o‘sish sur’ati tezlashdi. Iyun oyida o‘rtacha 0,3 foiz o‘sishdan so‘ng, iyul oyida o‘sish 1,7 foizni tashkil etdi. Yillik hisobda esa narxlar 3,3 foizga oshdi.
Hududlar kesimida o‘tgan yilning iyul oyidan buyon uy-joy narxlarida sezilarli o‘sishi Jizzax (15,2 foiz), Surxondaryo (14,1 foiz) va Xorazm (9,6 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Hisobot davrida Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozorida yillik pasayish tendensiyasi saqlangan holda, narxlarda o‘rtacha o‘sish qayd etildi.
Oy davomida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 0,8 foizga oshdi. Yillik hisobda o‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan ikkilamchi uy-joy narxlari 3,2 foizga, birlamchi uy-joylar narxi esa 0,9 foizga pasaygan.
Ikkilamchi uy-joylarning eng katta pasayishi Mirzo Ulug‘bek (-8,2 foiz), Yashnobod (-4,5 foiz) va Yunusobod (-4,2 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Birlamchi uy-joy narxlarida eng sezilarli pasayishi Uchtepa (-8,8 foiz), Yunusobod (-6,7 foiz) va Shayxontohur (-4,7 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Iyul oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida barqarorlik kuzatildi. Ijara narxi barqaror saqlanib, bir kvadrat metr uchun 8 dollarni tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,3 dollar.
Yillik hisobda Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi 2,8 foizga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi.