Ayni kunlarda AQShda FIFA Jahon chempionati oldidan Mundial ishtirokchilariga turnir davomida foydalaniladigan mashg‘ulot maydonlari, trenajyor zallari, mehmonxonalar hamda logistika bilan bog‘liq infratuzilmalar haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda. Bugun delegasiyamiz mutaxassislari Austin shahriga tashrif buyurib, jamoalar uchun ajratilgan baza bilan tanishishdi. Bundan tashqari, San Diyego va Xyustondagi lokasiyalarni ham ko‘zdan kechirib, yakuniy xulosalar muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joiz, turnir davomida FIFA tomonidan 61 ta lokasiya tanlangan bo‘lib, ular musobaqa ishtirokchilarining istiqomat qilishi va mashg‘ulot o‘tkazishi uchun mo‘ljallangan. Joylashtirish jarayoni terma jamoalarning o‘yinlar o‘tkaziladigan shahar va stadionlar geografiyasidan kelib chiqib belgilanadi. Guruh bosqichi uchrashuvlari davomida ishtirokchilar boshqa shaharlarga maxsus charter reyslari orqali yetib borib, o‘yin yakunlangach o‘z bazasiga qaytib kelishadi.