Italiyaning Generali sug‘urta guruhi Germaniyadagi biznes faoliyatini keng ko‘lamda qayta tashkil etishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, kelgusi to‘rt yil davomida kompaniyadagi qariyb 800 ta ish o‘rni, ya’ni xodimlar umumiy sonining 9 foizi qisqartiriladi.
Bild gazetasi xabar berishicha, qayta tashkil etish doirasida kompaniyaning Axen, Nyurnberg va Shtutgart shaharlaridagi filiallari yopiladi. Ushbu filiallarning xodimlari boshqa hududiy bo‘linmalarga o‘tkaziladi.
Kelgusida Generali Germaniyadagi faoliyatini beshta shaharda — Myunxen, Kyoln, Karlsrue, Gamburg va Saarbryukkenda jamlashni rejalashtirmoqda.
Hozirgi vaqtda konsernning Germaniyadagi bo‘linmasida qariyb 9,1 ming kishi mehnat qilmoqda. Kompaniya rahbariyati ish o‘rinlarini qisqartirishni asosan majburiy ishdan bo‘shatishlarsiz amalga oshirishni ko‘zlamoqda. Buning uchun pensiya yoshi arafasidagi xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqti dasturlari, rejali pensiyaga chiqish, xodimlarning tabiiy ravishda ishdan ketishi va mehnat shartnomalarini ixtiyoriy ravishda bekor qilish kabi usullardan foydalaniladi.
Generali kompaniyasi ish o‘rinlarining qisqartirilishini raqamlashtirish, yangi texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etishga yo‘naltirilayotgan yirik investisiyalar bilan izohladi. Ushbu choralar mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bild ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya bu maqsadlar uchun yuz millionlab yevro sarflaydi.
Bundan tashqari, ayrim yordamchi vazifalarni tashqi pudratchi tashkilotlarga topshirish rejalashtirilgan.
«Xodimlarni oldindan xabardor qilish, shuningdek, 2030 yil oxiriga qadar ish o‘rinlari va amaldagi bo‘linmalar saqlanib qolishi bo‘yicha kafolatlar berish orqali o‘zgarishlar jarayonini oldindan prognoz qilish mumkin bo‘lgan holatga keltirmoqchimiz», — dedi Generali kompaniyasining kadrlar bo‘yicha direktori Arne Bensin.
Dasturni amalga oshirishning aniq shartlari hozirda kompaniya rahbariyati tomonidan ishlab chiqarish kengashi bilan muhokama qilinmoqda.
Kompaniyaning Germaniyadagi bo‘linmasini qayta tashkil etish Generali’ning biznes jarayonlarini soddalashtirish, avtomatlashtirishni jadallashtirish va sug‘urtaning eng daromadli yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan global strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Generali kompaniyasining Germaniyadagi rahbari Stefan Lemanning ta’kidlashicha, rejalashtirilgan o‘zgarishlar kompaniyaning kelgusida daromadli o‘sishiga, shuningdek, mijozlar va hamkorlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga sharoit yaratadi.