Istanbul 2027 yilda dunyoning yetakchi sport markazlaridan biriga aylanadi. Formula 1 Turkiya Gran-prisining qaytishi va Yevropa o‘yinlarining to‘rtinchi bor o‘tkazilishi shahar hayotida muhim sport voqealariga boy yilni boshlab beradi. Xususan, 2–6 fevral kunlari Istanbulda Ispaniya Superkubogi (Supercopa de España) bo‘lib o‘tadi.
Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi hamda asosiy hamkorlar ko‘magida tashkil etiladigan 2027 yilgi Ispaniya Superkubogi tarixda ilk bor Turkiyada o‘tkaziladi. Shu tariqa, Turkiya Ispaniyadan tashqarida ushbu turnirga mezbonlik qiladigan ikkinchi davlatga aylanadi. Besh kun davom etadigan musobaqa dunyoning turli mamlakatlaridan futbol muxlislarini Istanbulga jamlaydi. Turnir doirasida shaharning uch stadionida ikkita yarim final va final uchrashuvi bo‘li o‘tadi.
2027 yilgi Ispaniya Superkubogini o‘tkazish bo‘yicha rasmiy bitimni imzolash marosimi 2026 yil 17-sentyabr kuni Istanbuldagi Turkiya Futbol Federasiyasining Hasan Dog‘an nomidagi Milliy terma jamoalar tayyorgarlik va ta’lim markazida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Yoshlar va sport vaziri Usmon Ashkin Bak, Butunjahon etnosport ittifoqi prezidenti Nejmiddin Bilol Erdo‘g‘an, Saudiya Arabistoni Qirolligi Ko‘ngilochar tadbirlar bosh boshqarmasi raisi Turki Al-Ashayx, Ispaniya Qirollik futbol federasiyasi (RFEF) prezidenti Rafayel Louzan hamda Turkiya Futbol Federasiyasi (TFF) prezidenti Ibrohim Ethem Hojiosmono‘g‘li va sport sohasi rasmiylari ishtirok etdi.
Ispaniya futbolining eng kuchli jamoalari Istanbulda bellashadi
To‘rtta jamoa ishtirokidagi pley-off tizimida o‘tkaziladigan Ispaniya Superkubogi har yili tashkil etiladi. Unda La Ligada dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar hamda Ispaniya Qirollik kubogi (Copa del Rey) finalchilari qatnashadi. Shu formatga ko‘ra, 2027 yilgi turnir yarim finalida “Real Sosedad” va “Real Madrid”, “Barselona” va “Atletiko Madrid” jamoalari o‘zaro kuch sinashadi.
Birinchi yarim final 2 fevral kuni Chobani stadioni - Shukru Saracho‘g‘li sport majmuasida, ikkinchi yarim final esa 3-fevral kuni Tuprash Beshiktosh stadionida o‘tkaziladi. Jamoalarning qaysi yarim finalda qaysi stadionda maydonga tushishi kelgusi haftalarda ma’lum qilinadi.
Yarim final g‘oliblari 2027 yil 6 fevral kuni RAMS Park - Ali Sami Yen sport majmuasida bo‘lib o‘tadigan katta finalga yo‘l olishadi. Ushbu uchta muhtasham stadion umumiy hisobda 143 982 nafar tomoshabinni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Istanbul: jahon miqyosidagi futbol maydoni
Ko‘p asrlik tarixiy obidalari, jo‘shqin san’at va madaniyati, xarid qilish imkoniyatlari hamda Michelin qo‘llanmasi e’tirof etgan gastronomiyasi bilan Istanbul yirik xalqaro tadbirlar uchun munosib makon hisoblanadi. Shahar Yevropa futbolidagi yirik musobaqalarga mezbonlik qilish borasida katta tajribaga ega. Shaharda 2005 va 2023 yillarda UEFA Chempionlar ligasi, 2026 yilda esa UEFA Yevropa ligasi final bosqichlari o‘tkazilgan. 2027 yilgi Ispaniya Superkubogi ushbu an’anani davom ettirib, shaharning yuqori darajadagi futbol markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Istanbulda futbol va sayohat
Ispaniya Superkubogini tomosha qilish uchun Istanbulga keladigan muxlislar besh kun davomida shaharning tarixiy va madaniy maskanlarini ziyorat qilishlari mumkin. Istanbulda Aya Sofiya, Yerebatan saroyi va Bosfor bo‘g‘ozi kabi diqqatga sazovor joylar mavjud. Shahar katta savdo markazlari va xilma-xil bozorlari bilan ajralib turadi.
Istanbul taomlari bilan ham mashhur. Shaharda Michelin yulduziga ega restoranlar, milliy taomlar tayyorlanadigan maskanlar va ko‘cha taomlari mavjud.
2027 yil 2 fevral - Birinchi yarim final: Chobani stadioni - Shukru Sarachog‘lu sport majmuasi
2027 yil 3 fevral - Ikkinchi yarim final: Tuprash Beshiktosh stadioni
FINAL - 2027 yil 6 fevral: RAMS Park - Ali Sami Yen sport majmuasi