Amerika Qo‘shma Shtatlarining Las Vegas shahrida tashkil etilgan professional boks oqshomi doirasida o‘zbekistonlik Isroil Madrimov Dominikan Respublikasi vakili Luis David Salazarga qarshi ringga ko‘tarildi va ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi.
Mazkur jangdan so‘ng Madrimov o‘z fikrlarini bildirdi.
“Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar. Navbatdagi jangimizni ham o‘tkazib oldik. Bir yildan buyon ringga ko‘tarilmagandim. Keyingi janglarimizda yanada yorqinroq harakat qilib, chiroyli g‘alabalar bilan sizlarni xursand qilamiz. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Chempionlik kamarini qaytarib olish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman. Olg‘a, O‘zbekiston”, — dedi bokschi.
Ma’lumot uchun, 10 raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etdi va unda hakamlarning yakdil qarori bilan (99:91, 99:91, 99:91) Isroil Madrimov g‘alaba qozondi. Jang davomida o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi sezilarli ustunlikka erishdi.
30 yoshli Isroil Madrimov professional boksda 14 ta jang o‘tkazib, 11 ta g‘alaba, 2 ta mag‘lubiyat va 1 ta durang qayd etgan. 32 yoshli Luis David Salazar esa professional faoliyatida ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qildi. Uning hisobida 20 ta g‘alaba mavjud.
Shuningdek, Madrimov so‘nggi bor 2025 yil 23 fevral kuni Saudiya Arabistonida WBC Interim chempionlik kamari uchun AQSh vakili Vergil Ortisga qarshi ringga ko‘tarilib, hakamlar qaroriga ko‘ra imkoniyatni boy bergan edi.