Isroil harbiy-havo kuchlari ikkinchi uchuvchi tomonidan kapitanga hujum qilinganidan keyin, bortda 150 nafar fuqarosi bo‘lganiga qaramay, Flydubai samolyotini urib tushirishga tayyor edi. Bu haqda CBS News Isroildagi vaziyatdan boxabar bo‘lgan ikki manbasiga tayanib xabar tarqatdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Isroilda 11 sentyabr terakti ssenariysidagi hodisalarga reaksiya ko‘rsatish uchun ishlab chiqilgan harakatlanish tartibi bor. Samolyot keskin pastlagach, Isroil harbiy-havo kuchlari ekipaj bilan bog‘lanishga uringan. Bu ish bermaganidan keyin oldindan shakllantirilgan qo‘mita yig‘ilishi chaqirilgan va boshqaruv markazi tashkil etilgan.
Isroil o‘z havo kengliklarini yopgan va qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targan. Samolyot yo‘nalishini o‘zgartirgani va Saudiya Arabistoniga uchayotgani ma’lum bo‘lgach, qiruvchilar qaytarilgan, o‘z navbatida, Saudiya Arabistoni hukumati o‘z qiruvchi samolyotlarini havoga chiqargan.
Protokolga ko‘ra, samolyotni urib tushirish qarorini bosh vazir qabul qiladi. Manbalarning aytishicha, samolyot osmono‘par binolar, aeroportlar yoki quruqlikdagi boshqa nishonlarga hujum qilish maqsadida olib qochilgan bo‘lsa, uni urib tushirish kamroq talafot yetkazadigan yechim sifatida baholanadi.
O‘tgan hafta oxirida Flydubai samolyotining ikkinchi uchuvchisi haqida dastlabki ma’lumotlar paydo bo‘lgandi. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, u O‘mon fuqarosi, 29 yoshli Hammam al-Hammamiy hisoblanadi. BAA huquq-tartibot organlari uni so‘roq qilishni davom ettirmoqda.
Isroil nashrlari tergov jarayonidan xabardor manbalarga tayanib, ikkinchi uchuvchi kapitan Smit Machchharga hujum qilganidan keyin parvozni davom ettirish, Isroil havo hududiga kirish va Tel-Aviv aeroportiga qo‘nish uchun ruxsat olish niyatida bo‘lganini xabar qildi. Shundan so‘ng ikkinchi uchuvchi Boeing 737 Max 8 rusumli samolyotni 180 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bilan birga aeroport ustiga yo‘naltirishni yoki Tel-Aviv markazidagi ko‘p qavatli binoga borib urilish orqali 11 sentyabr teraktini takrorlashni rejalashtirgan.