Isroil Amerika harbiy yordamidan asta-sekin voz kechish va Vashington bilan yangi shartlar asosida hamkorlikka o‘tishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’muriyati bayonotida ma’lum qilingan.
Bosh vazir ma’muriyati eslatishicha, 1996 yilda Netanyaxu AQShning 1,2 milliard dollarlik iqtisodiy yordamidan bosqichma-bosqich voz kechishga va’da bergan va idora ma’lumotiga ko‘ra, bu va’dasini bajargan.
Endi, oradan 30 yil o‘tib, bosh vazir Isroil iqtisodiyoti AQShning harbiy yordamidan ham voz kechish uchun yetarlicha kuchli deb hisoblamoqda.
Bosh vazir ma’muriyati ta’kidlashicha, bu qadam yordam olish modelidan o‘zaro hamkorlik modeliga o‘tishni anglatadi. Shuningdek, idora AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning so‘zlarini keltirgan. Uning aytishicha, yordamdan voz kechish tashabbusi Isroil tomonidan ilgari surilgan.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Amerika tomonidan Isroilga ko‘rsatilayotgan harbiy yordam joriy yilning o‘zidayoq to‘xtatilishini ma’lum qilgan edi.