Ispaniya parlamenti ijara narxlarini cheklash va ijarachilarni uyidan vaqtincha chiqarib yuborishni taqiqlash haqidagi farmonni bir ovoz farq bilan ma’qulladi. Ijara shartnomalarini avtomatik uzaytirish haqidagi boshqa farmon esa bir ovoz farq bilan rad etildi.
Bundan bir oy avval ushbu ikki hujjatning qabul qilinmagani mamlakatda ommaviy noroziliklar boshlanishiga sabab bo‘lgandi. Oqibatda siyosiy inqiroz yuzaga kelib, muddatidan oldingi parlament saylovlari belgilangan. 11 noyabr kuni esa Ispaniyada so‘nggi 14 yildagi ilk umummilliy ish tashlash o‘tkazildi. Yirik kasaba uyushmalari va ijarachilar uyushmasi tashkil etgan namoyishda qariyb 4 million kishi qatnashdi.
Namoyishchilar ijara narxlarining keskin oshishiga sabab bo‘lgan uy-joy inqiroziga qarshi norozilik bildirdi. Yirik namoyishlar inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘rgan Andalusiya va Kataloniya hududlarida bo‘lib o‘tdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, umummilliy ish tashlash kuni mamlakat bo‘ylab kichik tartibbuzarliklar sabab 50 ga yaqin kishi qo‘lga olingan. The Guardian'ning yozishicha, noqulay ob-havo tufayli ayrim hududlarda rejalashtirilgan namoyishlar bekor qilingan.