Ispaniyaning Toledo shahrida ikki poyezd to‘qnashib ketishi oqibatida 64 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
El País nashri xabar berishicha, bu haqda Ispaniya fuqarolik gvardiyasi ma’lum qilgan.
«Fuqarolik gvardiyasi avariya oqibatida bedarak yo‘qolgan shaxslar bo‘yicha 64 ta arizani ro‘yxatga oldi», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu ma’lumotlar yo‘lovchilarning qarindoshlari tomonidan berilgan murojaatlar asosida shakllantirilgan.
Fuqarolik gvardiyasi bedarak yo‘qolganlar haqidagi arizalarni qabul qilish uchun Madrid, Sevilya, Kordova va Toledo shaharlarida to‘rtta maxsus punkt tashkil etgan. Shuningdek, xodimlar yo‘qolgan shaxslarning o‘ziga xos belgilari, chandiqlari yoki tatuirovkalari haqida ma’lumot to‘plamoqda, yaqin qarindoshlaridan esa DNK namunalarini olmoqda.
Bundan tashqari, hodisa oqibatida 98 nafar yo‘lovchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgani xabar qilindi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, avariya oqibatida kamida 68 kishi halok bo‘lgan, 200 nafarga yaqin kishi jarohatlangan. Mamlakatda 29 oktyabrdan 31 oktyabrga qadar umummilliy motam e’lon qilingan.
Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar orasida Argentina, Yaponiya, Filippin, Janubiy Koreya va Xitoy fuqarolari ham bor.