AQSh Yaqin Sharq mamlakatlarini Eronga qarshi yangi hujumlar sodir bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
AQSh mulozimlari Yaqin Sharq mamlakatlari va mintaqaviy ittifoqchilarini 3 noyabrga belgilangan Kongressga oraliq saylovlardan so‘ng Eronga qarshi harbiy harakatlar qayta boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda ismi oshkor etilmagan ikki diplomatga tayanib Associated Press agentligi xabar bermoqda.
Shuningdek, Vashingtonning Yaqin Sharqdagi hamkorlari Eron tomonidan ushbu hujumlarga javob qaytarish urinishlari bo‘lishi mumkinligidan ham ogohlantirilgan.
Avvalroq Axios portali AQSh va Isroillik mulozimlarga tayanib, ikki mamlakat Eronga qarshi yangi harbiy operasiya rejasini tayyorlagani haqida xabar bergan edi. Diplomatik muzokaralar barbod bo‘lgan taqdirda, ushbu operasiya AQShdagi noyabr saylovlaridan so‘ng darhol boshlanishi mumkinligi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyi o‘rtalarida AQSh va Eron tinchlik jarayonini boshlashi kerak bo‘lgan memorandumni imzolagan edi. Biroq oradan uch hafta o‘tib, harbiy zarbalar yana qayta tiklandi. O‘shandan beri tomonlar vaziyatni tartibga solishga urinmoqda, ammo kelishmovchiliklar sababli bu harakatlar hozircha natija bergani yo‘q.