Islandiyada kecha bo‘lib o‘tgan referendum natijalariga ko‘ra, Yevroittifoqqa a’zolik bo‘yicha muzokaralarga qarshilar 52,5 foizni, uning tarafdorlari esa 47,5 foizni tashkil etdi.
Ovozlarni hisoblash boshlanganda muzokaralarni qayta tiklash tarafdorlari oldinda borayotgan edi — 48,8 foizga qarshi 51,2 foiz. Bu holat o‘sha paytda YEI tarafdorlarining pozisiyasi kuchliroq bo‘lgan poytaxt Reykyavikdagi ovozlarning katta qismi hisoblab bo‘lingani bilan izohlandi. Qishloq hududlaridan natijalar kelib tushgach, muzokaralarga qarshilar oldinga chiqib oldi.
Islandiya 2009 yilda, jahon moliyaviy inqirozidan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan edi. Muzokaralar 2010 yilda boshlangan, ammo uch yildan so‘ng yangi hukumat ularni to‘xtatib qo‘ygandi. 2015 yilda hukumat YEIdan Islandiyani endi nomzod mamlakat deb hisoblamaslikni so‘ragandi. Garchi Islandiya YEI tarkibiga kirmasa-da, mamlakat Yevropa iqtisodiy hududi va Shengen zonasiga a’zo hisoblanadi.