Bugun 27 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Is gazi — ko‘rinmas xavf: o‘zingizni va yaqinlaringizni himoya qiling!

Is gazi — ko‘rinmas xavf: o‘zingizni va yaqinlaringizni himoya qiling!

Is gazi (uglerod oksidi — CO) — rangsiz, hidsiz va ta’msiz zaharli gaz. Uni inson sezgi organlari orqali aniqlay olmaydi. Shu bois gazdan zaharlanish xavfi ko‘pincha kech payqaladi. Is gazi yoqilg‘ining to‘liq yonmasligi natijasida hosil bo‘ladi. Nosoz gaz jihozlari, isitish pechlari, dudburon va mo‘rilarning noto‘g‘ri ishlashi, shuningdek, avtomobil dvigateli yoki ko‘chma generatorni yopiq joyda ishlatish zaharlanishga sabab bo‘lishi mumkin.

Zaharlanishning dastlabki alomatlariga befarq bo‘lmang!

Bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, nafas qisishi va ko‘krak sohasidagi og‘riq is gazidan zaharlanish belgisi bo‘lishi mumkin. Og‘ir holatlarda hushdan ketish, ongning chalkashishi va tirishish kuzatiladi. Bunday alomatlar paydo bo‘lsa, ularni oddiy charchoq yoki shamollash bilan adashtirmang.

📌 Zaharlanishning oldini olish uchun:

🔷 Isitish mavsumi boshlanishidan avval gaz jihozlari, isitish uskunalari, suv isitkichlar, mo‘ri va dudburonlarni mutaxassislarga tekshirtiring.

🔷 Xonadagi havo almashinuvi va shamollatish tizimining sozligini ta’minlang. Mo‘ri va ventilyasiya yo‘llarini berkitib qo‘ymang.

🔷 Ko‘chma generator, barbekyu va ko‘mir yoqiladigan moslamalardan uy, garaj yoki boshqa yopiq joylarda foydalanmang. Avtomobil dvigatelini yopiq garajda ishlab turgan holda qoldirmang.

🔷 Gaz plitasi yoki duxovkadan xonani isitish maqsadida foydalanmang.

🔷 Imkon qadar uyga, ayniqsa, yotoqxonalar yaqiniga is gazini aniqlovchi maxsus signalizatorlar o‘rnating va ularning sozligini muntazam tekshirib turing.

❓ Is gazidan zaharlanish gumon qilinsa, nima qilish kerak?

✔️ Darhol barcha odamlarni, jumladan, bolalar va keksalarni xavfli hududdan tashqariga — toza havoga olib chiqing.

✔️ Zudlik bilan 103 yoki 112 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, tez tibbiy yordam chaqiring.

✔️ Jabrlangan shaxsni shifokor ko‘rigidan o‘tkazing. Alomatlar yengillashgan taqdirda ham tibbiy yordamni kechiktirmang.

✔️ Mutaxassislar bino xavfsizligini tasdiqlamagunicha ichkariga qaytmang.

❗️Unutmang: is gazining hidi yo‘q, ammo xavfi juda katta. Ehtiyot choralariga rioya qilish — o‘zingiz va yaqinlaringiz hayotini asrashning muhim sharti!

Kiritildi: 11:29 26.10.2026. O'qildi: 550 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!