Instagram 90 daqiqagacha bo‘lgan videolarni joylashtirishga ruxsat beradi — platforma YouTube bilan raqobatlashmoqchi.
Instagram mualliflarga davomiyligi bir yarim soatgacha bo‘lgan videoroliklarni chop etish imkonini beruvchi Features nomli yangi formatini sinovdan o‘tkazmoqda. Platforma bu orqali podkastchilar, komiklar va boshqa uzun kontent ijodkorlarini jalb qilishni hamda foydalanuvchilarni ilova ichida uzoqroq ushlab turishni maqsad qilgan.
Test sinovlari boshlangani haqida 26 oktyabr kuni Instagram rahbari Adam Mosseri va mahsulot bo‘yicha vise-prezident Tessa Layons e’lon qildi. Braziliyadagi dastlabki sinovlardan so‘ng ushbu funksiya AQShdagi tanlab olingan mualliflar uchun ochiladi. Boshqa mamlakatlarda, jumladan Germaniyada qachon ishga tushirilishi hozircha noma’lum.
Uzun videolar odatiy Reels bilan o‘zaro bog‘lanadi. Foydalanuvchi podkast yoki shouning qisqa fragmentini ko‘rib, Instagram’ni tark etmagan holda to‘liq versiyasga o‘tishi mumkin bo‘ladi. Toliq formatdagi roliklarni tavsiyalar bo‘limida ham ko‘rsatish rejalashtirilmoqda. Videolar gorizontal ko‘rinishda bo‘ladi — bu televizorlarda ko‘rish uchun ham mo‘ljallangan.
Bu Instagram’ning uzun videolar bozoriga kirishdagi birinchi urinishi emas: 2018 yilda kompaniya IGTV xizmatini ishga tushirgan, ammo 2022 yilda ushbu loyihani yopgan edi. Endilikda platforma yana bir bor qisqa roliklar va to‘liq shoularni yagona ilovada birlashtirishga harakat qilmoqda.