FIFA prezidenti Janni Infantino lavozimini saqlab qolish maqsadida AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidan yordam so‘rayotgani haqida New York Post xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Infantino bugun AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan yopiq muloqot o‘tkazishi rejalashtirilgan. Infantino suhbatni futbolning AQShning «yumshoq kuchi» sifatidagi ahamiyati bilan bog‘lashga urinmoqda. Biroq manbalarga ko‘ra, uchrashuvdan asosiy maqsad uning FIFA rahbari sifatidagi mavqeini saqlab qolish uchun Vashingtonning qo‘llab-quvvatlovini olish hisoblanadi.
Infantinoning mavqei FIFAning tijoriy aktivlarini xususiy investorlarga sotish rejasi barbod bo‘lganidan so‘ng jiddiy bosim ostida qolgan. Gap Josh Kushnerga tegishli Thrive Capital kompaniyasi ishtirokida FIFAning tijoriy aktivlaridan 20 foiz ulushni 4 milliard dollardan ortiq mablag‘ga sotishni nazarda tutgan reja haqida ketmoqda. Kuchli qarshiliklardan so‘ng ushbu tashabbus bekor qilingan.
Xabarlarga ko‘ra, Infantino Tramp bilan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishga uringan, ammo prezident bilan telefon orqali gaplasha olmagan. Shu bilan birga, FIFA rahbarining 2027 yildagi qayta saylovi ham savol ostida qolmoqda.
Ayni paytda AQSh Davlat departamenti Infantino va Rubio o‘rtasida bunday uchrashuv rejalashtirilganini tasdiqlamagan. FIFA ham xabar yuzasidan rasmiy izoh bermagan.