Bugun 5 sentyabr, 2026 yil, shanba

КИР

“IKKI QARDOSh MAMLAKAT BU YILNI BUNYODKORLIK FALSAFASI BILAN YASHAMOQDA”

“IKKI QARDOSh MAMLAKAT BU YILNI BUNYODKORLIK FALSAFASI BILAN YASHAMOQDA”

Ozarbayjonlik shoir-publisist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zosi, “Alash” xalqaro adabiy mukofoti laureati Akbar Qo‘shali bilan suhbat.

– Akbar aka, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifini umuman qanday baholagan bo‘lardingiz? Sizningcha, ushbu tashrifni avvalgi o‘zaro tashriflardan ajratib turadigan eng muhim jihat nimada?

– Avvalo, Sizga va barcha o‘zbek qardoshlarimizga samimiy salom va ehtiromlarimni yo‘llayman!

Ha, davlat tashriflarining rasmiy dasturi bo‘ladi, yana o‘sha dastur satrlari orasidan o‘qiladigan ma’no ham bor… Menimcha, bu tashrifda har ikkisi ham nihoyatda boy edi.

Ozarbayjon bilan O‘zbekiston endi bir-birini yangidan kashf etayotgan ikki mamlakat emas. Biz bir-birimizni taniymiz, ildizimizni, tilimizni, xotiramizni bilamiz. Endi asosiy masala ana shu tarixiy-ma’naviy yaqinlikni zamonaviy davlatchilik institutlariga, iqtisodiy qudratga, mushtarak loyihalarga va kelajak avlodlar yashaydigan voqelikka aylantirishdir.

Prezident Ilhom Aliyevning o‘zi ham tashrif chog‘ida so‘nggi besh yil ichida bu uning O‘zbekistonga uchinchi davlat tashrifi, umuman esa yettinchi tashrifi ekanini ta’kidladi va keyingi yillarda qardosh mamlakatning barcha sohalarda jadal rivojlanayotganidan mamnuniyat bildirdi.

Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Shartnomaning imzolanishi esa munosabatlarimiz mohiyatini juda aniq ifodalaydi. Ma’lumki, diplomatiya odatda “uzoq muddatli”, “strategik”, “o‘zaro manfaatli” deydi. Boku bilan Toshkent bu safar yanada ulug‘roq so‘zni tanladi: ABADIY! Davlatlar o‘rtasidagi munosabatni ifodalash uchun bundan-da yuksak so‘z bormi?

Men buni shunday ifodalagan bo‘lardim: kecha bizni tarix yaqinlashtirgan bo‘lsa, bugun davlat irodasi birlashtirmoqda, ertaga esa birgalikda barpo etayotgan mushtarak kelajagimiz birlashtiradi.

– Qiziqarli bir uyg‘unlik bor: 2026-yil O‘zbekistonda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, Ozarbayjonda esa “Shaharsozlik va arxitektura yili” deb e’lon qilingan. Siz bu mushtaraklikni qanday baholaysiz?

– Men bu uyg‘unlikni juda ma’noli deb bilaman. Albatta, ikki mamlakat yil nomini belgilayotganda buni o‘zaro muvofiqlashtirgan, demaymiz; ammo hayot ba’zan o‘zi go‘zal ramzlar yaratadi.

Ozarbayjonda 2026-yil rasman “Shaharsozlik va arxitektura yili” deb e’lon qilingan. O‘zbekistonda esa “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”dir.

O‘zbek “mahalla”sini men ozarbayjonlik o‘quvchiga faqat “məhəllə” so‘zi bilan tanishtirishni istamas edim. Mahalla ayni paytda mahalliy jamoa, qo‘shnichilik madaniyati, insonlarning bir-biriga bog‘liqligi, ta’bir joiz bo‘lsa, kichik jo‘g‘rofiyada katta jamiyat modelidir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham yil mazmunini sharhlar ekan, 9 mingdan ortiq mahallani mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish maqsadini ilgari surgan.

Ozarbayjon esa hozir, ayniqsa, Qorabog‘ va Sharqiy Zangazurda so‘zning haqiqiy ma’nosida shaharlar, qishloqlar, aholi maskanlarini bunyod etmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Bosh rejalar, “Aqlli shahar”, “Aqlli qishloq” konsepsiyalari asosida ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

Demak, bir tomonda inson yashaydigan makonni bunyod etish, ikkinchi tomonda esa ana shu makonda yashaydigan jamoani yuksaltirish falsafasi mavjud.

Bir oz adabiy-falsafiy mushohada bilan aytsak: arxitektura insonga uy beradi, mahalla esa o‘sha uyga qo‘shni beradi…

Shaharsozlik ko‘cha yaratadi, jamoa esa o‘sha ko‘chaga hayot bag‘ishlaydi…

Menimcha, 2026 yilda Ozarbayjon bilan O‘zbekistonning rasmiy yil nomlaridagi eng go‘zal ma’naviy kesishuv, aniqrog‘i, qovushuv aynan shundadir.

– Prezident Ilhom Aliyevning tashrif dasturida “Yangi Toshkent” shaharsozlik loyihasi bilan tanishish ham o‘rin oldi. Buni ana shu uyg‘unlikning amaliy ifodasi deb hisoblash mumkinmi?

– Mutlaqo to‘g‘ri aytasiz.

Men hatto shunday der edim: 2026-yilning ikki mamlakatdagi mazmuni Yangi Toshkentda go‘yo ko‘z bilan ko‘riladigan, tafakkur bilan his qilinadigan, qo‘l bilan tutish mumkin bo‘lgan shaklga kirdi…

Prezident Ilhom Aliyevning 23-avgust kuni O‘zbekistonning eng yirik shaharsozlik loyihasi — “Yangi Toshkent” bilan tanishishi tasodifiy protokol tafsilotiday ko‘rinmaydi.

Shahar faqat binolar yig‘indisi emas — buni yaxshi bilamiz. Shahar — insonning kelajak haqidagi tasavvurining toshda, shishada, yashillikda, ko‘chada, maktabda, transportda ifodalanishidir…

Ozarbayjon Prezidenti “Shaharsozlik va arxitektura yili”ni yashayotgan mamlakatdan keladi, O‘zbekiston esa “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”ni yashamoqda. Va ikki davlat rahbari Yangi Toshkentda uchrashadi…

Mana, taqvim bilan protokolning naqadar go‘zal uyg‘unligi yuzaga kelmoqda.

Men “Yangi Toshkent” nomining o‘zida ham katta ma’no ko‘raman. “Yangi” faqat yangi bino degani emas. Yangi shahar — yangi hayot sifati, yangi ijtimoiy munosabatlar, yangi texnologiyalar, yangi ekologik tafakkur, inson uchun yanada munosib yashash muhiti demakdir.

Ozarbayjon ham ozod etilgan yerlarida aynan shuni amalga oshirmoqda. Biz eski shahar xarobalarini shunchaki qayta tiklamayapmiz; tarixiy xotirani asragan holda XXI asr shahrini bunyod etmoqdamiz.

Shu ma’noda Yangi Toshkent bilan yangilanayotgan Qorabog‘ning bunyodkorlik falsafasi o‘rtasida qiziqarli bir muloqot bor.

– Yangi Toshkent shahrida “Ozarbayjon” bog‘iga tamal toshi qo‘yilishini qanday ma’noda qabul qilasiz?

– Bog‘ — shaharning nafasidir. Ammo boshqa mamlakat nomini tashigan bog‘, ayni paytda, shaharning xotirasidir. Albatta, Siz e’tiroz bildirmasdan turib, o‘zim tuzatish kiritay: Ozarbayjon O‘zbekiston uchun boshqa mamlakat emas — qardosh mamlakatdir va endi Abadiy do‘st mamlakatdir.

Prezident Ilhom Aliyev bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘iga tamal toshi qo‘yishi tashrifning eng go‘zal madaniy-ramziy voqealaridan biridir.

Bir muddatdan so‘ng toshkentlik bir fuqaro o‘z farzandi bilan o‘sha bog‘da sayr qiladi. Bola “Ozarbayjon” so‘zini ko‘radi. So‘raydi: Ozarbayjon qayerda? Nega bu bog‘ uning nomini tashiydi?

Mana, diplomatiyaning eng uzoq umrli javobi, ehtimol, aynan o‘sha lahzada beriladi.

Ayni paytda Bokuda besh gektarlik “O‘zbekiston” bog‘ini barpo etish ko‘zda tutilmoqda. Shunday qilib, Toshkentda Ozarbayjon, Bokuda O‘zbekiston yashaydi. Faxrlanamiz!

Davlatlararo munosabatlarning bundan-da go‘zal shaharsozlik metaforasi bormi?

– Siz O‘zbekiston haqidagi maqolalaringizda Armaniston ishg‘olidan olti yil avval ozod etilgan Fuzuliy shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabni Ozarbayjon–O‘zbekiston qardoshligining “siyosatdan yuksak ramzi” deb atagansiz. Nega aynan siyosatdan yuksak?..

– Chunki bu yerda gap faqat maktab binosi haqida ketmayapti.

Fuzuliy — Qorabog‘ Zafari, qaytish va tiklanishning o‘ziga xos jo‘g‘rofiyasidir. Mirzo Ulug‘bek esa Turk-Islom uyg‘onishining, ilmning, osmonning, zakovatning nomidir.

O‘zbekistonning Qorabog‘ zaminida maktab qurishi mening tasavvurimda tarixga yo‘llangan ufqorti bir jumladir:

“Sening yaralaringga befarq bo‘lmaganimiz kabi, sening kelajagingda ham bormíz!”

Siyosiy hujjatlar o‘n yilliklar tarixini yozishi mumkin, maktablar esa yuz yilliklarni…

Chunki bitimni davlat arbobi o‘qiydi, maktabda esa kelajak avlod voyaga yetadi.

Endi bu manzara yanada yaxlitlashmoqda: Fuzuliyda Ulug‘bek maktabi, Toshkentda Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy pedagogika universiteti, Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘i, Bokuda “O‘zbekiston” bog‘i…

Bular alohida-alohida inshootlar deb qaralmaslikka haqli. Men ularni mushtarak turkiy madaniy jo‘g‘rofiyaning yangi manzillari deb bilaman.

– Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar yaqinlashuvning siyosiy va iqtisodiy hamkorlikdagi rolini qanday ko‘rasiz?

– Menimcha, Turk dunyosining kelajagi bilan bog‘liq eng asosiy savollardan biri aynan shudir.

Turk dunyosi faqat Sammitlarda birlasha olmaydi va birlashmasligi ham kerak.

Universitet universitet bilan, shahar shahar bilan, yozuvchi yozuvchi bilan, muallim muallim bilan, yosh yosh bilan uchrashishi kerak.

Toshkentda Nizomiy bo‘lsa, Bokuda Navoiy bo‘lishi kerak — va, albatta, bor.

Fuzuliyda Ulug‘bek bo‘lsa, Yangi Toshkentda Ozarbayjon bo‘lishi kerak.

Shusha Xiva bilan, Lankaran Buxoro bilan, Shaki Qo‘qon bilan so‘zlashishi kerak — so‘zlashmoqda ham…

Shu tariqa davlat rahbarlari yaratgan ulkan siyosiy me’morchilik ichida xalqlar o‘z madaniy uylarini quradilar.

Men “me’morchilik” so‘zini bu yerda ataylab ishlatyapman. Me’morchilik, albatta, faqat tosh san’ati va plastikasi emas. Davlatlararo munosabatlarning ham me’morchiligi bor.

Prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda Ozarbayjon–O‘zbekiston munosabatlarining ana shunday yangi me’morchiligini yaratdilar.

Uning poydevori — tarixiy qardoshlik, ustunlari — o‘zaro ishonch, tomi esa — mushtarak kelajakdir.

– Xo‘sh, ushbu davlat tashrifining Turk dunyosining yanada keng integrasiyasi nuqtai nazaridan asosiy xabarini bir fikr bilan qanday ifodalagan bo‘lardingiz?

– Men “integrasiya”ni faqat siyosiy atama sifatida ko‘rmayman. Haqiqiy integrasiya insonning kundalik hayotiga kirganida yashaydi, hayotiylik kasb etadi.

Ozarbayjonlik yosh o‘zbek shoirini tarjimasiz o‘qisa, o‘zbek talabasi Nizomiyni o‘z ma’naviy boyligi deb bilsa, Fuzuliydagi maktab o‘quvchisi Ulug‘bek nomidagi ta’lim dargohida tahsil olsa, toshkentlik oila “Ozarbayjon” bog‘ida hordiq chiqarsa… — integrasiya protokoldan yuksalib, hayotning o‘ziga aylanadi.

Shuning uchun men Ozarbayjon–O‘zbekiston munosabatlarining bugungi bosqichida uch so‘zni yonma-yon ko‘raman:

xotira — bunyodkorlik — kelajak.

Xotira qayerdan kelganimizni unutishga yo‘l qo‘ymaydi. Bunyodkorlik bugunimizni o‘zgartiradi. Kelajak esa bularning barchasi kimga qolishini ko‘rsatadi.

2026 yilning Ozarbayjonda “Shaharsozlik va arxitektura yili”, O‘zbekistonda esa “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” bo‘lishi shu nuqtai nazardan juda go‘zal ramziy uyg‘unlik yaratdi.

Bir mamlakat shahar me’morchiligini, ikkinchisi jamiyatning eng asosiy bo‘g‘ini rivojini ustuvor etmoqda. Aslida esa har ikkisining markazida Inson turibdi.

Prezident Ilhom Aliyevning qardosh O‘zbekistonga davlat tashrifi dasturiga yaxlit nazar tashlasak, 2026 yilning har ikki mamlakatda tashiyotgan ma’nosi go‘yo shu dastur ichida ham o‘zining yorqin tajassumini topganini ko‘ramiz:

Yangi Toshkent, universitet, maktab, bog‘, infratuzilma, shaharlararo rishtalar va nihoyat, Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Shartnoma!..

Ya’ni biz faqat shartnoma imzolamayapmiz —

makon qurmoqdamiz,

xotira yaratmoqdamiz,

kelajak bunyod etmoqdamiz.

Husayn Jovidning mashhur so‘zlarini eslamaslikning iloji yo‘q:

“Turonga qilichdan-da keskin, ulug‘ qudrat — Faqat madaniyat, madaniyat, madaniyat!”

Menimcha, Boku bilan Toshkent bugun ana shu buyuk fikrning XXI asrdagi davlatchilik tarjimasini yozmoqda.

– Tashakkur bildiramiz.

– Men Sizga tashakkur bildiraman. Qardosh O‘zbekistonga, uning davlati va xalqiga Ozarbayjondan ko‘ngil to‘la salom va ehtiromlarimni yo‘llayman!

Ozarbayjon–O‘zbekiston qardoshligi abadiy bo‘lsin!

Sevinch Xushnazarova suhbatlashdi.

Kiritildi: 17:55 04.09.2026. O'qildi: 479 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!