Yoz davomida Rossiya aeroportlarida jami 2182 marta parvozlar cheklangan. Bu 2025 yilning butun davridagi 1923 ta holatdan ham ko‘p.
Shu bilan birga, Ukraina Rossiya aeroportlari yaqinida dronlar faolligini oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev vaqtinchalik cheklovlarni aeroportlarning to‘liq to‘xtashiga aylantirishni maqsad qilmoqda.
Vladimir Zelenskiy 1 sentyabr kuni Rossiyaning o‘zi boshlagan urush **«uning osmonini yopayotgani»**ni aytdi. U aviakompaniyalar va sug‘urta kompaniyalarini Rossiyaga parvozlar bilan bog‘liq xavflarni hisobga olishga chaqirdi.
Osprey Flight Solutions bahosiga ko‘ra, avgust oyida Rossiya chegarasini kesib o‘tgan qariyb 16 ming ukrain droni Rossiya fuqarolik aviasiyasi uchun ochiq qoldirgan havo hududiga kirgan. Iyun va iyul oylarida bu ko‘rsatkich mos ravishda 11 ming va 13 mingdan ortiq bo‘lgan.
Rossiya Transport vaziri Andrey Nikitin esa fuqarolik aviasiyasi ishida jiddiy uzilishlarga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.
Zelenskiy Ukraina fuqarolik samolyotlarini nishonga olmasligini ta’kidlab, «Rossiya osmonida dronlar bo‘ladi, shuning uchun bunga hisoblashish kerak», dedi.
Dronlar hujumlari aviaqatnovlarga ham ta’sir qilmoqda. FlightRadar24 ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr oyining dastlabki uch kunida Rossiyada kuniga o‘rtacha 86 ta reys bekor qilingan.
Ayrim xorijiy aviakompaniyalar ham Rossiya yo‘nalishlarida faoliyatini o‘zgartirmoqda. 2 sentyabr kuni Pegasus Moskvaga yo‘l olgan bir nechta samolyotini «texnik va operasion sabablar»ni ko‘rsatib, ortga qaytardi. 3 sentyabr kuni Flydubai ham reyslarini jadval va yo‘nalishlardagi o‘zgarishlar sababli qayta ko‘rib chiqdi.