Bugun 3 sentyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

Ichki ishlar organlari faoliyatida dronlar yordamida nazorat tizimi joriy etildi

Ichki ishlar organlari faoliyatida dronlar yordamida nazorat tizimi joriy etildi

2026 yil oxirigacha barcha hududiy bo‘linmalar dronlar bilan to‘liq ta’minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni tezkor aniqlashda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etmoqda. Xususan, uchuvchisiz uchish apparatlari – dronlardan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Rahimjon Nayimovning ma’lum qilishicha, dastlabki bosqichda dronlar Buxoro viloyatida sinovdan o‘tkazilgan. 2024 yilda davlat rahbarining ushbu hududga tashrifi davomida berilgan topshiriq asosida viloyat hokimligi tomonidan 150 ta zamonaviy dron xarid qilingan.

Bugungi kunga kelib, 5 ta viloyatdagi 84 ta ichki ishlar maskani xodimlari uchuvchisiz apparatlar bilan ta’minlandi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, kelgusida barcha tuman va shahar bo‘limlarini ham dronlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu jarayon 2026 yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Mazkur texnologiyalar, asosan, jinoyatchilik xavfi yuqori hududlarda huquqbuzarliklarning oldini olish, mayda bezorilik, ekologik qoidalar buzilishi, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunbuzarliklarni fosh etish va profilaktika tadbirlarini kuchaytirishda qo‘llanilmoqda.

“Dronlar orqali havodan olib borilayotgan nazorat natijasida huquqbuzarliklar tez aniqlanmoqda, ichki ishlar xodimlari esa o‘z vaqtida choralar ko‘rmoqda. Bu tizim huquqni muhofaza qilish sohasida samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda”, — deya ta’kidladi Rahimjon Nayimov.

Shuningdek, ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlari uchun dronlardan foydalanish bo‘yicha maxsus malaka oshirish mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, 2024 yilning aprel oyida Ichki ishlar vazirligi faoliyatida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish rasmiy ravishda joriy etilgan edi.

Kiritildi: 17:19 02.09.2025. O'qildi: 266 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!