«Hududiy elektr tarmoqlari» tizimidagi korxonalar elektr tarmoqlariga qayta ulanish uchun tadbirkorlardan to‘lov undirgan. Raqobat qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan ish qo‘zg‘atdi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ hamda uning tizimidagi korxonalarga nisbatan tadbirkorlardan asossiz to‘lov undirilgani yuzasidan ish qo‘zg‘atdi.
Prezident farmoniga muvofiq, elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlik bartaraf etilganidan so‘ng korxonalarni elektr tarmoqlariga qayta ulash uchun jarima va qo‘shimcha to‘lovlar bekor qilingan. Davlat organlariga ushbu normalarni tegishli qonunosti hujjatlari qabul qilinishini kutmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash vazifasi yuklatilgan.
Biroq Biznes-ombudsman tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar tahlili natijasida 2025 yil 23 avgustdan 2026 yil fevral oyiga qadar RES tizimidagi korxonalar tadbirkorlardan elektr tarmoqlariga qayta ulanish uchun to‘lov undirgani aniqlangan.
Jami 965 ta holat qayd etilgan. Ushbu holatlar natijasida 5,5 mlrd so‘m miqdorida asossiz daromad olingan.
Shu munosabat bilan qo‘mita «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.
Hozirda holatga davlat organlari ishtirokida huquqiy baho berish uchun o‘rganish ishlari olib borilmoqda.